Bor mehrimiz senga bolajon
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi qon quyish stansiyasida «Bor mehrimiz senga bolajon» shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligi arafasida o‘tkazilgan ushbu aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiy-ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, insonlarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqirish orqali bemorlarning hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib qilishdan iborat.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi matbuot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, ushbu shior ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi yuzlab kishilarni bir maqsad yo‘lida birlashtirib, qonga muhtoj bo‘lgan bemor bolajonlarga hayot bag‘ishlash, ularning sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan yurtdoshlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdi.
Erta tongdan boshlangan mazkur aksiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlari, partiya faollari hamda ko‘ngillilar ishtirok etdi.

Tadbirga tashrif buyurgan har bir ishtirokchining ko‘nglida murg‘ak bolajonlarimiz hech qachon kasal bo‘lmasin, ko‘zlari yoshlanmasin, umrlari uzoq bo‘lsin, Vatanimiz koriga yaraydigan komil insonlar bo‘lib voyaga yetsin, degan ezgu tuyg‘u jo‘sh urdi.
Eng asosiysi, ko‘ngillilarni birlashtirgan, insonparvarlik va mehr-oqibat namunalarini o‘zida aks ettirgan aksiya bolajonlar uchun chin ma’nodagi g‘amxo‘rlik timsoli bo‘ldi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA