Bolani so‘ksang, beti qotar...
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil etilgan o‘quv seminariga poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida istiqomat qilayotgan yuzga yaqin uyushmagan yoshlar jalb qilindi.
Yoshlar bilan ishlash dolzarb masala. So‘nggi yillarda yoshlar muammolarini hal etishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani kelajagimiz vorislarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim poydevor bo‘lmoqda. Biroq oramizda foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lmagan, ishsizlik yoxud turli sabablar tufayli zararli illatlarni odat qilgan, hatto, jinoyat ko‘chasiga kirib qolayotgan yoshlar ham yo‘q emas.
– Afsuski, bu masala hech birimizni tashvishga solmay qo‘ymaydi, – dedi Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov. – Yoshlar muammolarini hal etishda “mahallabay”, “xonadonbay”, “fuqarobay” ishlash, ular orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida tizimli chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shunga qaramay, mazkur yo‘nalishda hali qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar borki, bu huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga, keng jamoatchilik oldidagi dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi xodimlari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi faollari, sektorlar va bandlikka ko‘maklashish markazi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda yoshlar masalalariga oid ustuvor vazifalar, xususan, voyaga yetmaganlar va yoshlar jinoyatchiligining oldini olish, mahalla, ta’lim muassasalari va tegishli organlar hamkorligida profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish, yoshlarni oliy ta’lim va kasb-hunarga yo‘naltirish, huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasida so‘z bordi.
Aytish kerakki, ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhi tomonidan shu kunlarda Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarining kriminogen vaziyati murakkab mahallalari atroflicha o‘rganilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar salmog‘i sezilarli o‘sgan. Hududlarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar aniqlanib, yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Xalqimizda “bolani so‘ksang, beti qotar, ursang, eti qotar”, degan maqol bor. Farzand tarbiyasida eng katta mas’uliyat, avvalo, ota-onalar zimmasida turadi. Oilada ta’lim-tarbiya oqilona yo‘lga qo‘yilsa, farzand hech qachon noto‘g‘ri qadam bosmaydi. Yoshlar bilan bog‘liq jinoyatchilikni tahlil qilganimizda, sodir etilayotgan salbiy illatlar ota-onalar, mahalla-ko‘yning e’tiborsizligi va beparvoligi oqibatida kelib chiqayotgani ayon bo‘lmoqda. Demak, ertangi kunimiz bilan daxldor masalaga barchamiz katta mas’uliyat bilan, bir yoqadan bosh chiqarib yondashishimiz lozim, – deydi Mirzo Ulug‘bek tumaniga biriktirilgan ishchi guruhi vakili, podpolkovnik Normurod Bekmurodov.
O‘quv seminari doirasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari va burchlari”, “Oilaviy-huquqiy munosabatlar. Nikoh tushunchasi hamda ota-ona va farzand majburiyatlari” mavzularida yoshlar bilan fikr almashildi. Tadbir ishtirokchilari o‘quv dargohida kursantlarning bilim olishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi, kelajakda yetuk malakali mutaxassis bo‘lib kamol topishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida taassurotlarga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, Akademiya tarixi muzeyi hamda poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga sayohat yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirishga turtki berdi.
Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasining Axborot xizmati xodimi.