Bolalar yozni maroqli o‘tkazadi
Ta’til kunlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida Namangan viloyatidagi mavjud to‘qqizta oromgohda davom etayotgan dastlabki mavsumda 1 ming 600 ga yaqin bola maroqli hordiq chiqarmoqda. Ularda maroqli hordiq chiqarayotgan 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilarining salomatligi mustahkamlanyapti.
Yozgi ta’til bolalar uchun mazmunli dam olish, bilim va iqtidorini yanada rivojlantirishda katta imkoniyat demakdir. Shu boisdan har yili minglab o‘quvchilar so‘lim va bahavo maskanlarda joylashgan oromgohlar hamda maktablar qoshida ochilgan kunduzgi sog‘lomlashtirish maskanlari tomon intiladi.
Yurtimizda yozning jazirama kunlari hukm surayotgan ayni kunlarda oromgohlar bolajonlar bilan fayzli va zavqli bo‘ladi. Ta’til kunlarini mazmunli va maroqli o‘tkazish maqsadida Namangan viloyatidagi mavjud to‘qqizta oromgohda davom etayotgan dastlabki mavsumda 1 ming 600 ga yaqin bola hordiq chiqarmoqda. Ularda 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilarining salomatligi mustahkamlanyapti.


Ta’kidlash joizki, viloyatdagi oromgohlarda mavsumni ko‘tarinki ruhda tashkil etish va o‘tkazish borasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda uning Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Mavsumga tayyorgarlik jarayonida tog‘ yon bag‘irlariga yastangan “Nanay”, “Obi hayot”, “Mehrjon”, “Binafsha”, “Zarkent”, “Norin”, “Sohil” kabi oromgohlarda mutasaddi tashkilotlar tavsiyalari asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida qurilish ta’mirlash ishlari bajarildi.

Jumladan, Chust tumanidagi “Mehrjon” oromgohi 120 o‘ringa mo‘ljallanib, ta’til davomida 480 bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Maskan hududi begona o‘tlar va chiqindilardan tozalanib, mevali va manzarali daraxtlar ekildi. 160 o‘ringa mo‘ljallangan Norin tumanidagi “Norin” bolalar oromgohi uch mavsumda 640 nafar bolajonga xizmat ko‘rsatadi. Oromgoh hovlisi va barcha xonalari zarur vositalar bilan jihozlandi. Kosonsoy tumanidagi 400 o‘ringa mo‘ljallangan “Nanay” oromgohida yoz faslida 1 ming 600 o‘quvchi miriqib dam oladi. Buning uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maskan hududida mevali va manzarali daraxtlar ekilib, xonalar qattiq hamda yumshoq mebellar bilan jihozlangan. Besh mahal issiq ovqat esa ratsion va sog‘lom turmush tarzi talablari asosida berilmoqda.
Namangan viloyatida 2026-yil yozgi ta’tilda oromgohlarga mavsumiy ishga nomzodlarni qabul qilish bo‘yicha maxsus elektron platforma orqali 1 ming 350 nafar nomzod ariza topshirdi. Respublika ishchi guruhi tomonidan 27 bosh tarbiyachi lavozimiga nomzodlar bilan suhbat o‘tkazilib, ulardan to‘qqiz nafari saralab olindi. Viloyatdagi to‘qqiz oromgohga jami 161 nafar xodim ishga qabul qilindi. Shu jumladan, to‘qqiz katta tarbiyachi, 48 tarbiyachi, 48 yetakchi, to‘qqiz nafardan suzish yuriqchisi, sport murabbiyi, musiqa rahbari va kutubxonachi hamda to‘rt to‘garak rahbari yozgi mavsumda bolajonlarga g‘amxo‘rlik qiladi.


– Bugungi kunda viloyatimizdagi sog‘lomlashtirish oromgohlarida barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ertamiz egalarini yozgi dam olishlarini ko‘ngildagidek o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida mahalliy hokimliklar, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan tegishli chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda, – deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ilhomjon Ikromov. – Joriy yil yoz mavsumida oromgohlarga 6 ming 250 nafar yosh qamrab olinadi. Shuningdek, viloyatdagi 70 ta umumta’lim maktabida kunduzgi dam olish maskanlari tashkil etilib, ularda ham 10 ming 500 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan. Boshqarma tasarrufidagi barcha yozgi dam olish maskanlari qayta jihozlanib, bolalarga mo‘ljallangan yotoqxona, shinam oshxona, kompyuter xonasi, basseyn, kichik futbol maydoni hamda 22 ming dona kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonalar o‘g‘il-qizlarimizga beminnat xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Quvonarlisi shundaki, yozgi ta’til davomida barcha qatlamlardagi bolajonlar oromgohlarga jalb etiladi. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-maydagi “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, joriy yilda maxsus reyestrga kiritilgan ehtiyojmand oilalardagi 3 ming 750 nafar a’lochi o‘quvchini dam olish va sog‘lomlashtirish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Mavsum davomida hududlarda intellektual rivojlantirish, ekologik-biologik va o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, ijtimoiy moslashuv, tarbiya va sport sog‘lomlashtirish, badiiy ijodiyot yo‘nalishlariga e’tibor bergan holda bolalarni dam olishlarini tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.

Oromgohlarda turli mavzulardagi tadbirlar bolajonlarning mazmunli dam olishiga zamin yaratmoqda. Xususan, mazkur oromgohda Mudofaa vazirligi huzuridagi harbiy qism bilan hamkorlikda “Harbiy vatanparvarlik kuni” tadbiri o‘tkazildi. Bu tadbir bolalarning qalbida kelajakda mard va jasur yurt xizmatchilari bo‘lishdek ezgu orzular qanot yozdirgan bo‘lsa ajab emas.
Barcha oromgohlarda mavsumiy pedagog kadrlar tanlab olingan bo‘lib, hozirda ular bolalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yaqindan ko‘maklashmoqda. Darhaqiqat, 12 kunlik namunaviy dastur ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir dam olish maskanida o‘g‘il-qizlar “Yosh ijodkor”, “Yosh vatanparvar”, “Yosh ixtirochi”, “Yosh kitobxon”, “Yosh konstruktorlar” kabi turli to‘garaklarga qamrab olingan.

Shuningdek, bolalarda vatanparvarlik tuyg‘usini oshirish maqsadida oromgohlarga yaqin harbiy qism, milliy gvardiya, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmalaridan xodimlar taklif etilib, o‘zlarining jangovar ko‘rinishlari bilan ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, oromgohlarda ko‘ngilochar tadbirlar “Zakovat”, quvnoq startlar sog‘lomlashtirish o‘yinlari, “Men sevgan ertak qahramoni” rasmlar tanlovi, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar!” shiori ostida madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.