Bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminari o‘tkazildi
O‘zbek milliy musiqa san’ati o‘zining jozibasi bilan jahon musiqashunosligida alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham uni kelajak avlod ongiga singdirish, san’atimizni yanada yuksaltirish borasida bir qancha zalvorli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bunda esa bolalar musiqa maktablari muhim ahamiyat kasb etadi. Unda faoliyat olib borayotgan rahbarlarning yondashuvi esa kelgusidagi natijalarni belgilaydi.
Shu maqsadda, Madaniyat vazirligida bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlarining malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Unda 40 nafardan ortiq bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan navbatdagi o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur o‘quv-seminar rahbar xodimlarning boshqaruv kompetensiyalarini rivojlantirish, amaldagi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini chuqur o‘zlashtirish, ijro intizomini mustahkamlash hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini amaliyotga samarali tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi.

Seminar davomida vazirlikning mas’ul mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini samarali tashkil etishning dolzarb masalalari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan yangi talab va normalar, hujjatlar ijrosini nazorat qilish tartiblari hamda rahbarlarning bu boradagi shaxsiy mas’uliyati yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga elektron hujjat aylanish tizimlaridan samarali foydalanish, elektron hujjatlar bilan ishlash, topshiriqlar ijrosini monitoring qilish, hisobotlarni o‘z vaqtida shakllantirish hamda raqamli boshqaruv vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Mutaxassislar tomonidan tizimlarda uchraydigan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan tavsiyalar ham berildi.
O‘quv-seminar doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi markaziy apparatining boshqarma va bo‘limlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar, boshqaruv jarayonlari hamda tarkibiy bo‘linmalarning asosiy vazifa va funksiyalari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

Seminar ishtirokchilari mutaxassislar bilan ochiq muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Amaliy tajriba almashinuvi, dolzarb masalalar muhokamasi hamda ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish seminar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Mazkur o‘quv-seminar bolalar musiqa va san’at maktablari direktorlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bo‘yicha malakasini oshirish, hududlarda ijro intizomini ta’minlash, elektron boshqaruv tizimlaridan samarali foydalanish hamda ta’lim muassasalarida boshqaruv sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA