Bolajonlar uchun unutilmas tantana o‘tkazildi
Mustaqillik — bu nafaqat sana, balki inson qadri ulug‘lanadigan, ezgulik va bunyodkorlik yanada yuksaladigan ulug‘ ayyomdir. Bu yilgi bayram arafasida yurtimiz bo‘ylab “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” degan ezgu g‘oya asosida ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va xayriya tadbirlarining keng qamrovda o‘tkazilayotgani ham ana shu yuksak maqsadning amaliy ifodasidir.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining quvonchiga sherik bo‘lish, ularga munosib sharoit yaratish, qalbida ertangi kunga ishonch uyg‘otish kabi ezgu ishlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Zero, davlatning qudrati va taraqqiyoti, avvalo, insonga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, bolalar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil hayotimizda aniq amaliy mazmun kasb etib, ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, ularning farzandlari uchun munosib sharoit yaratish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Buxoroda tashkil etilgan sunnat to‘yi ham ana shu ezgu siyosatning xalqimizga xos mehr-oqibat va saxovat an’analari bilan uyg‘unlashgan yana bir go‘zal namunasi bo‘ldi.
Vaqf xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali tomonidan saxovatpesha tadbirkorlar va homiylar bilan hamkorlikda davlatimiz tomonidan ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarning 35 nafar farzandi uchun unutilmas tantana tashkil etildi.
Bu kun bolajonlar uchun oddiy bayram emas, balki xotiralarida bir umr saqlanib qoladigan quvonchli voqeaga aylandi.

Tantanada O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Jobir Elov va boshqa mutasaddilar ishtirok etishib, bolajonlarni samimiy muborakbod etishdi. Ularga mustahkam sog‘liq, baxtli bolalik, yaxshi niyatlar va porloq kelajak tilab, yosh avlodning komil insonlar bo‘lib voyaga yetishiga ishonch bildirildi.
Tadbir davomida milliy qadriyatlarimizga xos fayzli dasturxon yozilib, bolajonlar uchun turli ko‘ngilochar dasturlar tashkil etildi. Homiylar tomonidan taqdim etilgan sovg‘alar esa tantanaga yanada fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Har bir tuhfa bolajonlarning muayyan ehtiyojini qondirish bilan birga, “Siz yolg‘iz emassiz, sizga befarq emasmiz” degan ezgu ma’noni ifoda etdi. Shu bois bolalarning samimiy quvonchi, beg‘ubor kulgusi va baxtdan porlagan ko‘zlari tadbirning eng katta mukofoti bo‘ldi.
Tadbir orqali bir vaqtning o‘zida 35 ta oilaga quvonch ulashildi. 35 nafar bolaning qalbida esa unutilmas xotiralar qoldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri