Bokschilarimiz “XXI Neft mamlakatlari kubogi"da umumjamoada 2-o‘rinni egalladi
Rossiyaning Yugorsk shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan "XXI Neft mamlakatlari kubogi" o‘zbekistonlik bokschilar uchun omadli kechli.
15 ta mamlakatning 120 nafardan ziyod bokschilari 13 ta vaznda g‘oliblik uchun ringga ko‘tarildi.
Shiddatli kechgan janglarda Ramzjon Ahmedov, Suxrob Umarov, Ma’ruf Muzaffarov murabbiyligida ishtirok etgan yurtimiz charm qo‘lqop ustalari 2 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umumjamoada 2-o‘rinni egalladi.
Rossiyalik bokschilar umumiy hisobda 9 oltin medal bilan umumjamoada 1-o‘rinni, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqqan Ozarbayjon jamoasi 3-o‘rinni band etdi.

Mahoratli bokschilarimizdan Abdulaziz Jo‘raqulov -71 kilogrammda, Ozodbek Aliyev +92 kilogrammda oltin, Jasurbek Olimjonov -75 kilogrammda kumush, Abdulaziz Abdunazarov(-54) va Norbek Abdullayev(-80) o‘z vaznlarida bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Eslatib o‘tamiz, "XXI Neft mamlakatlari kubogi" janglarida yurtimizning 13 nafar bokschisi qatorida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Jazoir, Qozog‘iston, Kamerun, Kongo, Kot-d’Ivuar, Kuba, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Serbiya, Tojikiston va Rossiya vakillari ishtirok etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA