Boks: Osiyo chempionatida bokschi yoshlarimiz tengsiz ekanligini namoyish etdi
Indoneziyaning Jakarta shahrida U19 va U23 yosh toifasida poyoniga yetgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
Mamlakatimizning umidli bokschi yigitlari U19 yosh toifasida o‘tkazilgan shiddatli janglar yakuniga ko‘ra, 7 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan yetakchi ekanligini amalda isbotladi.
19 yoshgacha bo‘lganlar ishtirokidagi final janglarida yurtimiz charm qo‘lqop ustalaridan O‘tkirbek Norqosimov, Elyor Rustamov, Muhammadrizo Ukimov, Suhrob Rahmatullayev, Abror Sharipov, Sardor Bahromxo‘jayev, Asadbek Sultanboyev, oltin, Islom Salixov kumush, Saidxo‘ja Sadillaxo‘jayev bronza medaliga ega chiqdi.
Ushbu yosh toifasida umumjamoada Qozog‘iston ikkinchi, Janubiy Koreya terma jamoasi kuchli uchlikka yakun yasadi.
U23 yosh toifasidagi 10 ta vaznda kechgan janglarda bokschi yigitlarimiz 4 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, qit’aning tengsiz terma jamoasi nomiga sazovor bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdiki, har ikki yosh toifasida 10 tadan vaznlarda o‘tkazilgan musobaqalarda to‘liq tarkib bilan qatnashgan bokschi yoshlarimizning 20 ta sovrinli o‘rinlarning 18 tasiga sazovor bo‘lgani o‘zbek boksidagi muvaffaqiyatli odim bardavomligini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionatida ushbu yosh toifalarida vatanimiz sharafini himoya qilgan bokschi qizlarimiz ham 20 dan ziyod milliy terma jamoalar orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA