Bojxona tizimini raqamlashtirish tezlashadi
Bojxona qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari G‘.Nasirov, Xalqaro valyuta jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Koba Gvenetadze, jamg‘armaning yetakchi eksperti Aleksandro Simone hamda tegishli mutasaddilar ishtirok etdi.


Muzokaralar davomida keyingi yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari bilan olib borilayotgan samarali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Xususan, 2023 yil noyabr va 2025 yil aprel oylarida Toni Matsudayra boshchilik qilgan diagnostika missiyalari tashrifi chog‘ida sohani rivojlantirishga qaratilgan qimmatli taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ular hozirgi kunda bojxona tizimini takomillashtirish va raqamlashtirishda keng qo‘llanilmoqda.


Uchrashuvda Bojxona qo‘mitasi tomonidan bir qator tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, jamg‘arma ekspertlaridan birini Bojxona qo‘mitasi raisiga doimiy maslahatchi sifatida jalb etish taklifi bildirildi. Ushbu tashabbus metodologik izchillikni ta’minlash, xalqaro standartlarni joriy etish, institutsional barqarorlikni mustahkamlash, kadrlar malakasini oshirish va islohotlar samaradorligini yanada kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, bojxona auditi sohasida amaliy ko‘mak ko‘rsatish, “Raqamli bojxona” tamoyilini jadal amalga oshirish, o‘quv treninglari tashkil etish va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish masalalari ham muhokama qilindi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA