Bojxona postiga ekskursiya
Bugungi kunda yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini amaliy jihatdan mustahkamlash masalasi davlat siyosati darajasidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ana shu maqsadda Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan yosh avlod uchun turli ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va ekskursiyalar tashkil etib kelinmoqda.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga biriktirilgan 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari uchun “Buxoro aeroporti” chegara bojxona postiga taassurotlarga boy ekskursiya uyushtirildi. Unda maktabning “Yosh bojxonachi” to‘garagi a’zolari faol ishtirok etdi.

Ekskursiya davomida o‘quvchilarga bojxona xizmati faoliyatining mazmun-mohiyati, ushbu sohada xizmat qilayotgan xodimlar zimmasidagi yuksak mas’uliyat hamda davlat chegarasi orqali tovarlar va yo‘lovchilar harakatini tartibga soluvchi qoidalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, bojxona nazorati jarayonlari, zamonaviy texnik vositalardan foydalanish tartibi ham yoshlarga tushuntirildi.

Eng muhimi, o‘quvchilar nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash imkoniga ega bo‘ldi. Ular bojxona postidagi kundalik faoliyat bilan yaqindan tanishib, jarayonlarni bevosita kuzatish orqali o‘z tasavvurlarini yanada boyitdilar. Bu esa ularning ushbu kasbga bo‘lgan qiziqishini sezilarli darajada oshirdi.

Ayniqsa, kasb tanlash arafasida turgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun mazkur ekskursiya juda katta ahamiyat kasb etdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan bevosita javob olib, kelajakda bojxona sohasida faoliyat yuritish istaklarini mustahkamladi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bunday amaliy ekskursiyalar yoshlarning dunyoqarashini kengaytiradi, ularni mustaqil fikrlashga undaydi hamda to‘g‘ri kasb tanlashlariga mustahkam zamin yaratadi. Shu bilan birga, bojxona xizmati faoliyati haqida yaqindan tanishish orqali ularda Vatanga xizmat qilish, qonunlarga hurmat bilan qarash kabi muhim qadriyatlar ham shakllanadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri