Bojxona nazoratida “gashish” va sigaret to‘xtatib qolindi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan yuk avtotransport vositasida mamlakatimizga olib o‘tishga urinilgan “gashish” giyohvandlik moddasi ushlab qolindi.
Qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganida transport vositasining salon qismidagi quticha va o‘rindiq ostiga yashirilgan 12 dona polietilen o‘ramda o‘ziga xos o‘tkir hidga ega modda borligi aniqlandi. Polietilen o‘ramlar ochilib, maxsus elektron tarozida o‘lchab ko‘rilganda 366 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Bu noqonuniy harakatning yana bir e’tiborli jihati¬ yurtimizga g‘ayriqonuniy o‘tkazishga urinilgan giyohvandlik vositasini aniqlashni og‘irlashtirish uchun uni ikki ming so‘mlik pul kupyuralariga o‘rab yashirmoqchi bo‘lishgan. Biroq, bu urinish ham bojxona xodimlarini chalg‘ita olmadi.
Ikkinchi bir holatda “Ayritom” chegara bojxona posti orqali mamlakatimiz hududiga kirib kelgan yana bir yuk mashinasi yoqilg‘i baki ichidan 150 million so‘mlik noqonuniy sigaret borligi aniqlandi.

Bojxonachilar avtotransport vositasini nazoratdan o‘tkazayotganida sigaret mahsulotlari qo‘shimcha o‘rnatilgan yoqilg‘i baki ichiga yashirilganini payqab qoldi. Bu harakati bilan qonunbuzar haydovchi ziyrak bojxona xodimlarini chalg‘itishga uringan bo‘lsa-da, “puxtalik” ham unga ish bermadi. Qiymati qariyb 150 million so‘mlik 4 ming 740 quti aksiz markalarsiz noqonuniy tamaki mahsuloti bojxona postida to‘xtatib qolindi.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA