Bitiruvchi talabalar ishga taklif etildi
Buxoro davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti bitiruvchi talabalari uchun “Karera – 2023” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi.
Universitetning Jismoniy madaniyat fakultetida 5 ming 817 nafar talaba tahsil oladi. Shundan 893 nafari bitiruvchi bosqich talabalaridir.

Tadbirda O‘zbekistan Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i podpolkovnik N.Bozorov, Buxoro viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, mayor A.Qahhorov, Buxoro IIB ma’naviy-ma’rifiy ishlar, kadrlar bilan ta’minlash xizmat boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik G.Hamidov, harbiy prokratura katta leytenanti D.Abdullayev, viloyat Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi xodimlari, BuxDU Jismoniy madaniyat fakulteti dekani, professor B.Ma’murov, dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar qatnashdi.

–Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad bitiruvchi yoshlarni ish bilan ta’minlash, harbiy sohaga ishga kirishga hujjatlar taqdim etish qoidalari, organlar faoliyati bilan yoshlarni yaqindan tanishtirishdir, – deydi BuxDU Jismoniy madaniyat fakulteti dekani, professor B.Ma’murov. – Bundan tashqari organ vakili bo‘lishga qiziqish bildirgan bitiruvchilarni jarayonning o‘zida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujjatlarini elektron tarzda qabul qilishni ham amalga oshirishdir.
Ochiq muloqot shaklida davom etgan tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtitgan savollarga soha mutaxassislaridan atroflicha javob oldi.

– bugungi tadbirda o‘zimga kerakli ma’lumotlarni bilib oldim, – deydi 4-bosqich talabasi Amirbek Temirov. – Masalan sport sohasida ishga joylashish tartibi, kerakli hujjatlar, murabbiylik ish jarayoni haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bundan tashqari, ishga joylashish bo‘yicha viloyat Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi bilan murabbiylik faoliyatini yuritish, ishga joylashish bo‘yicha shartnoma imzoladim.
Buxoro davlat universitetida “Karera – 2023” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan tadbir davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA