Bishkekda SHHT doirasida jurnalistlar forumi bo‘ldi
SHHT tashkil topganining 25 yilligini nishonlash doirasida Bishkekda unga a’zo va kuzatuvchi davlatlar jurnalistlarining yirik forumi bo‘lib o‘tdi.
Uni Xitoy Davlat axborot byurosi hamkorligida Qirg‘iziston Respublikasi “Uchjou” xalqaro kommunikatsiyalar Markazi, XXRning Chjetsyan provinsiyasi madaniyat, televideniye, radio, kino va turizm departamenti hamda Qirg‘iziston Milliy teleradiokompaniyasi “SHHT yo‘lidan: o‘zaro manfaatli hamkorlik tajribasi” shiori ostida tashkil etdi.


Forumda SHHT bosh kotibining o‘rinbosari Pu Yanfan, Qirg‘iziston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Ulan Mamatkanov, Qirg‘iziston Respublikasi Joqari Kengashi raisining o‘rinbosari Bolat Ibragimov, Xitoy Xalq respublikasi Davlat Kengashining matbuot qo‘mitasining direktori Mo Gaoi, elchilar, vazirlar, SHHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar OAVlari vakillari ishtirok etdi.


Uning ishini ochib bergan Qirg‘iziston bosh vazirining o‘rinbosari Ulan Mamatkanov bunday muloqot zamon zarurati tufayli yuzaga keldi, chunki biz iqtisodiy hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqdik. Endigi navbat insonparvarlik loyihalariga, jumladan, xalqlar, insonlarning bir-biriga ishonchini mustahkamlashga qaratiladi, dedi.

Forumning rasmiy ochilish marosimida so‘zga chiqqan Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti Roza Otanboyeva shunday dedi:
– 90 yillarning o‘rtalarida davlatlararo ishonch va iqtisodiy hamkorlik juda muhim edi. Biz ehtiyotkorlik bilan SHHTni tuzdik. Bugun iqtisodiy munosabatlar yuqori darajada. Oradan 25 yil o‘tdi. Endigi vazifa xalqlar, odamlar o‘rtasida bir-biriga ishonchni mustahkamlash. Men ko‘proq yoshlar qo‘shni mamlakatlarda o‘qishini istayman. Shunda ular o‘sha davlat xalqlari turmush tarzini chuqur o‘rganadi va kelajakda ular o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Forum doirasida jurnalistlar hamkorligining turli yo‘nalishlarida o‘zaro shartnomalar tuzildi. Yangi loyihalarga start berildi.

Muzokara stollarida o‘zaro tajriba almashildi va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri
SHHT ga a’zo davlatlar jurnalistlarining Bishkek mediaforumidan.