Bishkekda «O‘zbekiston–Qirg‘iziston strategik sherikligining yangi istiqbollari» mavzusida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
21-iyul kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston–Qirg‘iziston ekspertlar kengashining «O‘zbekiston va Qirg‘iziston: strategik sheriklik va uni yanada rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yetakchi tahlil markazlari, tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti direktori Shumkarbek Adilbek uulu ushbu muloqot maydonining muhim o‘rnini alohida ta’kidladilar. Qayd etilganidek, Ekspertlar kengashi ikki tomonlama aloqalarning joriy holatini muntazam kuzatib borish va baholash bilan birga, strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Eldor Aripov bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Ushbu bosqichda asosiy vazifa endilikda o‘tmishda to‘planib qolgan masalalarni hal etish emas, balki kelajakni birgalikda shakllantirishdan iborat. Ikki mamlakat o‘rtasida shakllangan yuksak ishonch darajasi keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanishning umumiy makonini yaratish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Yig‘ilish kun tartibidan strategik sheriklikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi yondashuvlarni muvofiqlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi va tadbirkorlikni kengaytirish, shuningdek, transport va energetika sohalaridagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish masalalari o‘rin oldi.
Yig‘ilishda iqtisodiy hamkorlik sur’atlariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, o‘zaro savdo nafaqat jadal o‘smoqda, balki chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni ham boshdan kechirmoqda. Agar 2016-yilda tovar ayirboshlash hajmi qariyb 50 million AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 1,2 milliard AQSH dollariga yetib, qariyb 24 barobar oshdi. Joriy yilning birinchi yarmida esa yana 40 foizlik o‘sish qayd etildi. Shuningdek, ikki davlat rahbarlari tomonidan tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazish bo‘yicha yangi vazifa belgilanganligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, o‘zaro savdoning tarkibi ham sifat jihatidan o‘zgardi. Agar ilgari u asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ayirboshlashiga tayangan bo‘lsa, bugungi kunda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar uning asosini tashkil etmoqda. Xususan, eksportning qariyb 85 foizi tayyor mahsulotlar (37 foiz), sanoat tovarlari (36 foiz), shuningdek, kimyo va oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, shu paytgacha 12 ta yig‘ilishi o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiyaning izchil faoliyati hamda Ishbilarmonlar kengashi ushbu jarayonlarga kuchli sur’at bag‘ishladi. Hukumatlararo komissiyaning so‘nggi yig‘ilishi 2026-yil 22–23-iyun kunlari Cho‘lponotada bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi va soni ortib borayotgan qo‘shma korxonalar tarmog‘i ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga samarali hissa qo‘shmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari hududlararo aloqalarning yuqori sur’atlarda rivojlanayotganini qayd etdilar. Chegaradosh viloyatlar rahbarlari kengashining shu paytgacha o‘tkazilgan to‘rtta yig‘ilishi 2026-yilning to‘rtinchi choragida ikki mamlakat hududlari forumini to‘laqonli formatda o‘tkazishga o‘tish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Ekspertlar butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temir yo‘li hamda «Qambarota-1» GES loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu loyihalarni izchil va xavfsiz amalga oshirish, shuningdek, jarayonlarning prognoz qilinuvchanligini ta’minlash butun mintaqaning raqobatbardoshligini oshirishi ta’kidlandi.
Yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama munosabatlarning mustahkam poydevori faol madaniy-gumanitar hamkorlik va rekord darajadagi sayyohlar oqimi bilan yanada boyib borayotganini qayd etdilar. Xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga Qirg‘izistonning 3,31 million fuqarosi tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida ushbu ko‘rsatkich 1,53 million kishini tashkil etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining tashrif dasturidan, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari o‘rtasidagi muzokaralar, Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalariga bag‘ishlangan ekspert seminari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv o‘rin olgan.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasida hamkorlik rejasi imzolandi. Hujjat ekspertlar muloqotini chuqurlashtirish, qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, tahliliy materiallar bilan almashish, shuningdek, tadbirlar va uchrashuvlarni tizimli asosda tashkil etishni nazarda tutadi.
O‘zA