Bir qadamda – ming imkoniyat
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida mahallalarda “Bir qadamda – ming imkoniyat” mavzusida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Uchrashuvlar davomida tadbirkorlikda muvaffaqiyat qozonayotgan ayollarning tajribasi ommalashtirilib, ularning yutuqlari misolida xotin-qizlarda tadbirkorlikka qiziqish va ishonch oshirilmoqda. Tadbirlar mahallalar kesimida aniq reja-grafiklar asosida izchil amalga oshirilmoqda.
Jarayonda malakali mutaxassislar, jumladan, psixologlar tomonidan xotin-qizlarda o‘z imkoniyatlariga ishonchni mustahkamlash, mavjud to‘siqlarni yengib o‘tishga qaratilgan ma’ruzalar o‘qilmoqda. Shuningdek, ularga kasb-hunar egallash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.
[gallery-28354]
Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular tajribali tadbirkor ayollarga biriktirilib, amaliy yordam va maslahatlar orqali mustaqil faoliyat boshlashiga ko‘maklashilmoqda.
Amaliy ishlar natijasida hududlarda yangi ishlab chiqarish loyihalari yo‘lga qo‘yilayotir. Jumladan, Navro‘z bayrami arafasida Buxoro viloyati Olot tumanidagi Eski Olot mahallasida zamonaviy tikuv sexi ishga tushirildi. Mazkur sex tadbirkor Nigora Navro‘zova tomonidan tashkil etilib, unda 10 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.
Ayni paytda ushbu tikuv sexida ayollar va bolalar kiyim-kechaklari hamda turli buyurtmalar tayyorlanib, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shilmoqda.
Hududlarda “mahallabay” ishlash tizimining joriy etilishi aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil bo‘lmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlar uchun ta’lim olish, kasb-hunar egallash va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengaymoqda. Imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratilayotgani bu boradagi ishlarning amaliy natijasidir.
Ta’kidlash joiz, “Bir qadamda – ming imkoniyat” loyihasi xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash va mahallalarda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA