“Bir darcha” – tadbirkorga yaqin ko‘makchi
2016-yilning 1-yanvaridan mamlakatimizning barcha hududlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari “bir darcha” markazlari orqali amalga oshiriladi.
2016-yilning 1-yanvaridan mamlakatimizning barcha hududlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari “bir darcha” markazlari orqali amalga oshiriladi. Ayni paytda mutasaddi davlat idoralari tomonidan ushbu markazlar faoliyati, ularda xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish yuzasidan muayyan ishlar olib borilmoqda.Kichik biznes subyektlari huquq va manfaatlarini himoyalash tizimini takomillashtirishda tadbirkorlarga tashkiliy-huquqiy masalalarini hal etishda tegishli davlat organlari mas’uliyatini oshirish muhim ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish uchun to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq shahar va tuman hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha 193 inspeksiya negizida tashkil qilinadigan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “bir darcha” markazlari bu borada tadbirkorga ko‘maklashishi zarur.
“Bir darcha” markazlari faoliyati uch bosqichda tashkil qilinishi ko‘zda tutilgan. Birinchi bosqichda, ya’ni 2016-yilning 1-yanvaridan tadbirkorlarga 16 turdagi litsenziyalash va 27 turdagi ruxsat beruvchi hujjatlar taqdim etiladi. Jumladan, muhandislik-kommunikatsiya tizimiga tayyor holda ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-oktabrdagi “Tadbirkorlik subyektlarini elektr va gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan kichik biznes vakillarini elektr va gaz tarmoqlariga tayyor holda ulash mexanizmlari ishlab chiqildi. Unga muvofiq, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati hamda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyalari tizimidagi korxonalarda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
– 2016-yil 1-yanvardan tadbirkorning arxitektura, loyihalash va gaz ta’minoti idoralariga borib, tegishli hujjatlarni shaxsan o‘zi taqdim etishiga ehtiyoj qolmaydi, – deydi “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi boshqarma boshlig‘i Erkaboy Aliyev. – Qarorga muvofiq texnik shartlarni olishdan boshlab foydalanishga tayyor holda gaz tarmoqlariga ulashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan bajariladi.
Tadbirkorlik subyektlarini gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, mazkur jarayon foydalanishga tayyor holda gazlashtirish bo‘yicha shartnoma tuzish, texnik shartlar va gazlashtirish loyihasini ishlab chiqib, vakolatli organlar bilan kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, gazni hisobga olish uskunasini o‘rnatish, ishga tushirish-sozlash va rejim-sozlash ishlarini bajarish hamda gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish singari bosqichlardan iborat bo‘ladi.
Tadbirkorlik subyektlari gaz tarmog‘iga ulanish yuzasidan “bir darcha” markazlariga ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga texnik shartlarni olish uchun tadbirkorning gazdan foydalanadigan uskunasini xarakterlovchi ma’lumotlar ilova qilinadi. Bunda tadbirkorlik subyektidan ortiqcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ariza qabul qilingan kunning o‘zidayoq tegishli hujjatlar ilova qilingan holda gaz ta’minoti tashkilotiga yuboriladi. Gaz ta’minoti tashkiloti 5 kun mobaynida tadbirkorlik subyektining gazdan foydalanish uskunasini gaz tarmoqlariga ulashning texnik imkoniyatini joyiga borib o‘rganib, “bir darcha” markaziga tadbirkorlik subyekti nomiga rasmiylashtirilgan gazlashtirish shartnomasini beradi.
Shartnoma tuzilgandan keyin tadbirkorlik subyekti gaz ta’minoti tashkilotiga avans to‘lovini o‘tkazadi. To‘lov amalga oshirilgandan 10 kun davomida gaz ta’minoti tashkiloti texnik shartlar asosida gazlashtirish loyihasini tayyorlab, kelishish uchun tuman yoki shahar arxitektura va qurilish bo‘limiga yuboradi.
Arxitektura va qurilish bo‘limi gazlashtirish loyihasi tushgan kundan boshlab uzog‘i bilan 5 kunda uni kelishadi. Aniq rad etish sabablari bo‘lganda ularni ko‘rsatgan holda “bir darcha” markaziga yuboradi. Gazlashtirish tashkiloti rad etish sabablarini o‘rgangan holda ularni bartaraf etadi va loyihani vakolatli organlar tomonidan takroran ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Loyiha kelishilgandan keyin gaz ta’minoti tashkiloti qurilish-montaj ishlarini bajarib, gazni hisobga olish uskunasini o‘rnatadi. Shundan so‘ng 5 kun mobaynida ishga tushirish-sozlash va rejim-sozlash ishlari amalga oshiriladi.
Qabul qilish ishlari tugallangandan keyin gaz ta’minoti tashkiloti tadbirkorlik subyektiga texnik shartlar, gazlashtirish loyihasi, gazni hisobga olish uskunasini tekshirish va plombalash dalolatnomasi, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash hujjatlari hamda gaz yetkazib berish yuzasidan shartnomani bir nusxadan beradi.
Ta’kidlash kerakki, tadbirkor loyihalash, qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash va rejim-sozlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni subpudrat asosida jalb etish huquqiga ega.
Gaz tarmoqlariga tayyor holda ulash tartibi loyiha-smeta hujjatlarida tashqi gaz tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan obyektlarga tatbiq etilmaydi. G‘isht, alebastr, gips, ohak va shu turdagi boshqa xavfli ishlab chiqarish obyektlarini gazlashtirishga ham yangi tartib joriy qilinmaydi.
Hozirgi kunda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi va Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlarini gaz tarmoqlariga foydalanishga tayyor holda ulash bo‘yicha shartnomalar namunasini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.
Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda gaz ta’minoti korxonalari, “bir darcha” markazlari hamda tadbirkorlar ishtirokida yangi tartibning mazmun-mohiyati, ishlash mexanizmlari to‘g‘risida o‘quv seminarlari tashkil etilmoqda.
Muxtasar aytganda, “bir darcha” markazlari faoliyatining samarali tashkil qilinishiga qaratilgan mazkur sa’y-harakatlar kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining davlat xizmatlaridan foydalanishini yanada soddalashtirish barobarida davlat tashkilotlarining ochiqligini ta’minlashda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.