Bir butun bo‘lsak, agar...
Do‘stlik haqida so‘z ketgganda xalqimizning qahramon shoiri Erkin Vohidovning “Do‘st bilan obod uying...” she’ri yodga tushadi. Zero, “do‘st tutin, do‘st top jahonda, do‘sting yuz ming bo‘lsa oz...”
O‘sha bitikni o‘qir ekansiz, go‘zal ta’rif-u tasnif ko‘ngilni ajib hisga oshno etadi. Inson qadr-qimmati, do‘stlikning ahamiyatini yanada teran anglaysiz. Istaymizmi, yo‘qmi har kim do‘st-dushman orasida umrguzaronlik qiladi. Yaxshilik va yomonlik insoniyatning azaliy sifatlari ekani ham ma’lum. Shukur-ki, umuminsoniy manfaatda ko‘pincha yaxshilikning qo‘li baland keladi. Yovuzlik, yomonlik istagi, harakati nechog‘li yashirilmasin, ertami-kechmi, sir ochiladi. Adolat esa jabrdiyda bo‘y-bastini albata ko‘rsatadi.
Aql-zakovat, tinchlik tufayli inson tasavvuriga sig‘mas kashfiyot-u mu’jizaviy yutuqlar soat sayin yangilanmoqda. Bugun foydalanib turganimiz – axborot texnologiyalari rivoji bizni faol iste’molchiga, kundalik turmush tarzida o‘ta muhim ehtiyojmandga aylantirgan.
Ayni tezkor taraqqiyot o‘zaro do‘stona aloqalarda ham hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylandi. Dunyoning istalgan joyidagi tanish bilan smartfon orqali ko‘rishib, gaplashish endi oddiy hol.
Yaqin-yaqingacha qo‘shnilar bilan bordi-keldi uzilgan davrlarda yashadik. Davlatmiz rahbarining qat’iy shijoati, insonparvarlikka yo‘g‘rilgan siyosati bilan bunday yoqimsiz holatlarga barham berilib, o‘zaro hurmat eshiklari ochildi. Bunday chaqiriqqa qardoshlarimiz ham “labbay” deya peshvoz chiqishdi. Uzog‘imiz yaqin bo‘ldi, azaliy qon-qardoshlik rishtasi qayta bog‘landi. Bugun qadim an’analarimiz sayqallashib, yangicha shakl, mazmun kasb etmoqda. Adabiy aloqalar, san’at va madaniyatdagi hamqadamlik, oddiy odamlar bordi-keldisi kuchaydi. Bularning barida tinchlik, birlik, ahillik va osoyishtalikning toza havosi, nafasi, nigohlarda esa samimiyat, talpinish, chehralarda iliqlik, tinchik atalmish ulug‘ saltanatning ko‘rki, bo‘y-basti namoyon.
Dunyoda sodir bo‘layotgan turli urushlar xotirjamlikni yo‘qotib, odam bolasini besaranjom, bezovta qilib qo‘ydi. Hoyu-havas o‘rnini xavotir egalladi. Bugun dunyo ahli nigohi axborot maydoniga qadalib qoldi. Yo‘lini yo‘qotgan yo‘lovchiday ko‘zi giryon, tahlikada yashayotgan ayrim xalqlar borki, tinchlikni non va suvdek qadrli, aziz ne’matligini har lahzada ich-ichidan his qilib turibdi.
Modomiki, inson hayotiga tahdid bor ekan, hadik va qo‘rquv ham u bilan birga. Asrlar osha yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari totuv yashab keladi. Ular yagona oilaga birlashib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqda.
Jamiyatimizda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Turli xalqlar urf-odati, an’analarini asrash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratilgan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik mexanizmi takomillashtirilmoqda. Ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini respublikamizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik yanada mustahkamlamoqda. Chet mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash davlatimizning millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosati ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning millatlararo hamjihatlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari asosida noyob tizim yaratildi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan tub islohotlar natijasida xalqimizga xos azaliy, bag‘rikenglikka tayangan ezgu qadriyatimiz asosida millatlararo munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish orqali har qanday masala bo‘yicha samarali muloqot yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘p bo‘lsang, qudratli, qo‘rqmas bo‘lsang,
Ilmda peshqadam-u samoda shunqor bo‘lsang,
Ilm-u urfon bog‘ida mumtoz, mirishkor bo‘lsang,
Tinchlik, degan sarhadning nuramas tog‘i bo‘lsang,
Dunyo ahli ichinda tengi tush suhbat qursang,
Shu sening borligingdir.
Hurmatda tengligingdir.
Ba’zan, ko‘ngildan kechadigan sururni so‘zga tizguncha, nigohlardagi quvonch va iftixorni ko‘zlar ifodalaydi.
Shukurki, yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining osoyishta turmush tarzi va hayotini, respublikamiz bo‘ylab kezsangiz, ko‘rasiz, guvoh bo‘lasiz. Dasht-u dalada, ishlab chiqarish yo tadbirkorlikda, turli tadbir va yig‘inlarda tinchlikni, beqiyos xotirijamlikni ko‘rib, quvonasiz. Dunyo sahnidagi yutuqlarimiz yurtlar birligi, tinchligi ramzi bo‘lib xizmat qilaversin.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA