Beshariqda shokolad ishlab chiqariladi
Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidagi Yakkatut qishlog‘i naq qo‘shni Tojikiston bilan chegarada, viloyat, tuman markazidan ancha olisda. Ammo qishloq odamlari mehnatsevar va iqtidorli. Mana, Jahongirni olaylik. Aslida Jahongir ko‘p qatori oddiy oilada tarbiya topgan qishloqning to‘pori yigitlaridan. Ammo izlanuvchan. Yoshman, demasdan qat’iy qarorlar qabul qildi. Omad yor ekan, hozir katta jamoaga bosh.
– Dastlab uy sharoitida mevani quritib Qozog‘istonga olib borib yurdim. 2018-yilda berilgan imkoniyatlardan foydalanib “Beshariq agro eksport” MCHJ tashkil etdim, – deydi uning rahbari Jahongir Nosirov. – Hozir korxonamizda 50 ta doimiy 450 ta kasanachilar ishlaydi.

Ishni o‘rik quritish, so‘ng undan bargak tayyorlash, keyin olcha, olxo‘ri, olma, shaftoli... boringki, bodom-u yong‘oqqacha qayta ishlab, sifat kiritib, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” degan tamg‘a bilan qadoqlab Yakkatut bog‘laridagi sarxil mevalarni xorijiy bozorlarga yetkazaman deb dunyo kezdi.

– 2018-yildayoq Rossiya va Ukrainaga, keyin Yevropaning Polsha Italiya Germaniya kabi davlatlariga eksport qila boshladim. 2023-yildan 1 mln, 2024-yildan 2 mln, o‘tgan yili esa 3 mln dollarlik quruq mevalarni eksport qilishga erishdim. Bu yil esa eksportni 5 mln dollardan oshirishga imkoniyatimiz bor, – deydi Jahongir Nosirov.

Xo‘sh bunga u qanday erishmoqchi? Buning uchun u xorijiy hamkorlarni Beshariqqa olib keldi. Bu yerda polshalik investor S.Grigoruvich hamkorligida yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Endi meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirishdan tarshqari shokolad mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Umumiy qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ya’ni 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, hamda tumanning eksport salohiyati sezilarli darajada oshadi.

Loyihani 2026-yilning uchinchi choragida ishga tushirish belgilangan bo‘lib, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning asosiy qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/9feOmb6y32s?si=LK-GcaPBBByDV-Ub" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov