Belarus va Shimoliy Koreya “do‘stlik va hamkorlik” shartnomasini imzoladi (+video)
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Shimoliy Koreyaga ilk bor rasmiy tashrif bilan bordi. Pxenyanda uni Kim Chen In tantanali tarzda kutib oldi, deb xabar berdi Euronews.
Uchrashuv davomida ikki davlat “do‘stlik va hamkorlik” haqida shartnoma imzoladi. Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rыjenkovning aytishicha, tomonlar qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda hamkorlik qilishga kelishib olgan.
Hozircha ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi katta emas. Lekin Belarus Shimoliy Koreyaga dori-darmon va oziq-ovqat eksport qilishni rejalashtirmoqda. O‘z navbatida, Shimoliy Koreya Belarusga arzon va sifatli kosmetika mahsulotlari yetkazib berishi mumkin.
Har ikki davlat G‘arb sanksiyalari ostida va inson huquqlarini buzishda ayblanadi. Shuningdek, ular Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu tashrifning asosiy maqsadi — G‘arbga qarshi pozitsiyadagi davlatlar o‘rtasida hamjihatlikni ko‘rsatish.
Lukashenko va Kim Chen In o‘z chiqishlarida G‘arb davlatlarini xalqaro huquqni buzish va bosim o‘tkazishda aybladi.
Ularning fikricha, hozirgi kunda mustaqil davlatlar o‘z suverenitetini himoya qilish uchun bir-biri bilan yaqinroq hamkorlik qilishi kerak.
So‘nggi vaqtlarda Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar jarayonida bunday davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik kuchaymoqda. Bu jarayon Si Szinpin va Vladimir Putin ilgari surayotgan “ko‘p qutbli dunyo” g‘oyasi bilan ham bog‘lanadi.
2024-yilda Rossiya va Shimoliy Koreya strategik sheriklik shartnomasini imzolagan. Unga ko‘ra, agar tomonlardan biriga hujum qilinsa, ikkinchisi harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishi kerak.
Tahlilchilarning fikricha, Shimoliy Koreya Rossiyadan moliyaviy yordam, harbiy texnologiyalar, oziq-ovqat va energiya resurslari olmoqda. Bu esa uning Xitoyga bo‘lgan qaramligini kamaytiradi. Shimoliy Koreya o‘z navbatida Rossiyaga minglab askarlar, shuningdek snaryadlar va raketalar yuborgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nnhxB8zonyA" title="Belarus va Shimoliy Koreya “do`stlik va hamkorlik” shartnomasini imzoladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA