Behbudiy shaxsi O‘zbekistondagi har bir xonadonga kirib bordi
O‘tgan yil davomida ma’rifatparvar bobomiz, jadidchilik harakatining peshvosi Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyatini o‘rganish borasida ko‘plab tadqiqotlar olib borildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix institutining ilmiy jamoasi g‘oyat samarali faoliyat ko‘rsatdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor, taniqli tarixchi olima Dilnoza Jamolovaga mavzu yuzasidan bir necha savollar bilan murojaat etdik.

– Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida 2025 yilda Turkiston jadidchilik harakati asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. Alloma tavalludi yuzasidan ilmiy-ma’rifiy anjumanlar xorijiy davlatlarda ham bo‘lib o‘tdi. Jadid bobomizning ezgu faoliyatiga oid ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borildi. Keng jamoatchilik, xalqimiz uchun Behbudiy faoliyatiga doir asosiy yangiliklar sifatida nimalarni sanagan bo‘lar edingiz?
– Turkistonda 19-yuz yillik oxirlarida vujudga kelgan jadidchilik milliy ozodlik, milliy uyg‘onish, milliy taraqqiyot uchun kurash harakati edi. Jadidlarning yo‘lboshchisi va yetakchisi Mahmudxo‘ja Behbudiy bo‘lib, u bu harakatni jipslashtira oldi hamda muhim ishlarni amalga oshirdi. Mahmudxo‘ja Behbudiyning ilmiy, pedagogik va adabiy faoliyatini o‘rganish 20-yuz yillik 80-yillari oxirlaridayoq boshlangan bo‘lib, shu yo‘sindagi tadqiqotlar yaqinlargacha o‘rganib kelindi.

Uning siyosiy shaxs sifatidagi faoliyatiga baho berilmadi yoki baho berilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Tarix instituti olimlari 2025 yil davomida Mahmudxo‘ja Behbudiyning aynan siyosiy faoliyatini tadqiq qilish bilan shug‘ullandilar va uning milliy ozodlik harakatining g‘oyaviy rahnamosi sifatida, kuchli siyosiy bilimlar egasi bo‘lgani haqida ilmiy xulosalarni taqdim qildilar. Shuningdek, mutafakkirning afg‘on taraqqiyparvarlari yetakchisi Mahmudbek Tarziy bilan hamkorligi, turk dunyosining yirik taraqqiyparvarlaridan Abdurashid Ibrohim, Ismoilbek Gasparali, Muso Begiyev, shuningdek kavkazlik jadidlar bilan aloqalariga oid ma’lumotlar aniqlandi hamda ilmiy muomalaga kiritildi.
Bu kabi tadqiqotlar respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan behbudiyshunos olimlar tomonidan ham amalga oshirilgani shubhasiz.
O‘tgan yili O‘zbekiston va xorijda o‘tkazilgan umummilliy hamda ellararo yig‘inlar natijasida Mahmudxo‘ja Behbudiyning Turkiston jadidchilik harakatida tutgan o‘rni, uning ilmiy, adabiy, ma’rifiy faoliyati chuqur tahlil qilindi. Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mutafakkirning hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlar taqdim qilindi, hikmatli so‘zlari berib borildi. Bu kabi tadbirlar orqali o‘zbek xalqiga buyuk jadid bobomiz tanishtirildi, uning vatanparvarligi, millatparvarligi, taraqqiyot uchun jonini tikkani uqtirildi. Xullas, Behbudiy shaxsi O‘zbekistondagi har bir xonadonga kirib bordi, desam xato bo‘lmaydi.
– Ma’lumki, G‘arbiy Turkiston, ya’ni Markaziy Osiyoda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Sharqiy Turkistonda Alixonto‘ra Sog‘uniy Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan. Bu ikki alloma o‘rtasida muloqot, bog‘liqlik bo‘lganmi?
– Mahmudxo‘ja Behbudiyning ham, Alixonto‘ra Sog‘uniyning ham g‘oya va maqsadlari bir xil bo‘lgan. Har ikkala mutafakkir ma’naviy rivojlanish, ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish, Vatanni ozod va obod ko‘rish istagida bo‘lganlar. Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqandda jadid maktablarini ochishga bosh-qosh bo‘lib, zamonaviy fanlarni o‘qitishni, kutubxonachilik, noshirchilik, teatr ishlarini yo‘lga qo‘yishni, butun Turkistonni milliy ozodlik g‘oyasi ostida birlashtirib Buyuk Turonni tiklashni targ‘ib qilgan bo‘lsa, Alixonto‘ra Sog‘uniy dinni va davlatni isloh qilish, milliy uyg‘onishni yoqlab chiqqan. Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa jadidlarning islohotparvar qarashlaridan Alixonto‘ra Sog‘uniy davriy matbuot orqali xabardor bo‘lib borgan bo‘lishi tabiiy. O‘z davrining ilg‘or kishisi sifatida ham u Turkistonda jadidlar chop qilgan gazeta va jurnallarni nazaridan chetda qoldirishi mumkin emas edi. Ammo bugunga qadar Mahmudxo‘ja Behbudiy va Alixonto‘ra Sog‘uniy shaxsan uchrashgani to‘g‘risidagi manbalarni uchratmaganman.
– Milliy istiqlolchilik harakati – hukmron sho‘rolar tomonidan “bosmachilik harakati” deb nomlangan harakatga qanday qaraysiz? Ushbu harakatni qanday ta’riflagan bo‘lar edingiz. Ularga jadidlar qanday munosabatda bo‘lgan?
– Milliy istiqlolchilik harakati vakillariga “bosmachi” degan nomni o‘zi bosmachi va bosqinchi bo‘lgan bolsheviklar bergan. Bizning xalqimiz Rossiya imperiyasi bosqinidan oldin ham juda ko‘p mustamlakachilikni boshidan o‘tkazgan va ularga qarshi kurashgan. Ahamoniylarga qarshi Tomir Xotun va Shiroqning jasorati, makedoniyalik Aleksandr, keyinroq arab xalifaligi, Chingizxon bosqiniga qarshi milliy ozodlik kurashlari shular jumlasidandir.
Milliy istiqlolchilik harakatining mohiyatini bir jumla yoki bir maqola bilan tushuntirish qiyin. U ko‘plab asarlarning mavzusi bo‘lishi mumkin. Milliy ozodlik, milliy istiqlol – bu o‘z Vatanida erkin, xotirjam, tinch, qul bo‘lmay yashash baxti bo‘lib, jadid bobolarimiz imperiya mustamlakachiligiga qarshi kurashish maqsadida yirik bir harakatga asos soldilar, milliy istiqlolchilik kurashining g‘oyaviy rahnamolari bo‘ldilar. 1898 yilgi Dukchi eshon qo‘zg‘oloni, 1916 yilgi butun Turkistonda bo‘lib o‘tgan mardikorlikka qarshi qo‘zg‘olonlar, 1918 yili Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi natijasida Farg‘ona vodiysida boshlangan, keyinchalik butun mintaqani qamrab olgan milliy istiqlolchilik harakatining boshida jadid bobolarimiz turganlar. Jang maydonlarida bosqinchilarga qarshi kurashayotgan qo‘rboshilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlaganlar.
– Ulug‘ alloma, din va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, faoliyati bilan bog‘liq yana qaysi jihatlar ustida jiddiy tadqiqotlar olib borilishi kerak, deb o‘ylaysiz?
– Hozirda Mahmudxo‘ja Behbudiyning siyosiy va tashkilotchilik faoliyati bo‘yicha tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Tez fursatlarda ilmiy jamoatchiligimiz va xalqimiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tashabbusi bilan Samarqandda tashkil qilingan Oltoy jamiyati haqida, milliy davlatchilikni tiklash yo‘lida olib borgan ishlari to‘g‘risida yangi ma’lumotga ega bo‘ladilar. Ammo bir narsani ta’kidlashim kerakki, buyuk mutafakkir, millat fidoyisi Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati haligacha to‘liq o‘rganilmagan. U nafaqat Jadidchilik milliy harakatining yetakchisi edi, u qozi, mufti ham edi. Milliy qo‘rboshilar bilan doimiy aloqada bo‘lib turgan, Turkiyadagi Ittihodi taraqqiy tashkiloti bilan hamkorlik qilgan edi.
– Samimiy va qiziqarli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova suhbatlashdi.