Barkamol avlod – Vatan faxri
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Barkamol avlod – Vatan faxri” ta’lim loyihasining ekspertlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Barkamol avlod – Vatan faxri” ta’lim loyihasining ekspertlar kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahridagi 64-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining eng yaxshi ilmiy ishlari taqdim etildi.
Mazkur loyiha 2010 yilda “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi tomonidan ishga tushirilgan.
– Har bir mamlakatning rivoji ilm-fan taraqqiyotiga bog‘liq. “Barkamol avlod – Vatan faxri” ta’lim loyihasining maqsadi o‘quvchilarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, bilim olishni rag‘batlantirish, – deydi “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi boshqaruvi raisi Saodat Tursunboeva. – Hozir maktablar qoshida kichik akademiyalar tashkil qilayapmiz. Har bir bolaning qiziqishiga qarab mavzu va yo‘nalishlarni tanlab, o‘qituvchi, ota-onalar bilan hamkorlikda maktabdanoq ilmiy ishlarga yo‘naltirishni niyat qilganmiz. Har yili biz bu loyihalarni maktablardan saralab olib, ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan mutaxassislardan iborat ekspertlar kengashi ko‘rigidan o‘tkazamiz.
Tadbirda Toshkent shahridagi 64-umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan kichik akademiya ishtirokchilarining ilmiy ishlari eshitildi. Ushbu ishlar g‘oyaning dolzarbligi, yoshga mos bilim, ko‘nikma va qobiliyatlar, ifoda etish qobiliyati kabi mezonlarga muvofiq baholandi.
– Men bugun “Mikroorganizmlar va siz“ mavzusidagi ilmiy ishimni taqdim qildim. Bu mavzuni tanlashimga sabab bugungi kunda turlicha kasalliklar ko‘payishiga mikroorganizmlar sabab bo‘lmoqda, – deydi 64-umumta’lim maktabi 6-sinf o‘quvchisi Jamshid Xo‘jaev. Taqdimotni to‘liq ingliz tilida tayyorlaganman. Ilmiy ishimni tayyorlashda ota-onam, buvijonim, ustozlarim yordam berdi. Kelajakda olim bo‘lib mikroorganizmlarni chuqur o‘rganmoqchiman.
Tadbirda har bir ma’ruzachining nutqi katta qiziqish bilan tinglandi, ilmiy ishlarning dolzarbligi va amaliy ahamiyati baholandi. Ekspertlar kengashi a’zolari yosh tadqiqotchilarni diplomlar bilan taqdirladi.