Aziz ustoz, qadrdon do‘st xotirasi
O‘zbekiston ilm-fani og‘ir judolikka uchradi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari, (1989-1994), Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori (1994-2005) lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan texnika fanlari doktori, professor Bahrom G‘ofurovich Qodirov vafot etdi.
Bahrom Qodirov uzoq yillik mehnat faoliyati davomida yoshlarning samimiy ustozi, mehribon do‘sti, shogirdlarining haqiqiy maslahatgo‘yi, suyanchig‘i sifatida namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining ilmiy salohiyatini yuksaltirish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, maktab darsliklari yaratish borasida jonbozlik ko‘rsatdi.
U qayerda ishlamasin, insoniylik, mehr-oqibat, samimiy do‘stlik tuyg‘ulariga sodiq qoldi. Kamtarlik, bag‘rikenglik odamgarchilik uning hayoti mazmuniga aylangan edi.
Bahrom Qodirov ilm-fan va oliy ta’lim rivojiga qo‘shgan samarali xizmatlari uchun davlatimizning bir qator mukofotlari bilan taqdirlangan.
Bahrom Qodirov mamlakatimiz ilm-fani, oliy ta’lim tizimi rivojiga katta hissa qo‘shgan olim, rahbar, qadrdon do‘st sifatida qalblarimizda abadiy yashaydi.
Samarqand davlat universiteti jamoasi Bahrom Qodirovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi. Alloh ustozni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.
Samarqand davlat universiteti jamoasi