Aziz G‘afurov: Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar bosqichini boshlab beradi (+video)
Joriy yil 3-6-may kunlari Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishi doirasida sarmoyaviy muhit, mintaqaviy hamkorlik va moliyaviy bog‘liqlik masalalari faol muhokama qilindi.
Anjumanda qatnashgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashi kotibiyati rahbari Aziz G‘afurov O‘zA muxbiriga qator dolzarb mavzular yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi:
– Ushbu muhim tadbir davomida kechgan munozaralar strategik ahamiyatga ega.
Xususan, energetika, infratuzilma, tibbiyot, ta’lim, inson kapitali kabi yo‘nalishlar mamlakatimiz uchun dolzarb va uzoq muddatli rivojlanish nuqtai nazaridan juda muhim.
Masalan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, Prezidentning maxsus qarori asosida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etilishi o‘ziga xos tarixiy qadam. Bu voqea odatiy islohot emas, balki tizimli taraqqiyotning yangi bosqichidir. Ya’ni, an’anaviy qarorlar, yuz berayotgan o‘zgarishlar endi institutsional tus olmoqda. Shu tariqa kelajakda respublikamiz qonunchiligi yanada shaffof, xalqchil tizimga aylanadi.
Darvoqe, xalqaro ekspertlar ham poytaxtimizda nufuzli moliya markazi tuzilishi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, loyiha ayni vaqtida amalga oshrilayotganini e’tirof etmoqda. Zero, yurtimizda buning uchun zarur asos shakllangan.
Mavjud salohiyatni yuzaga chiqarishga ko‘maklashadigan ushbu majmua iqtisodiyotimizga yirik moliyaviy tuzilmalar hamda yetakchi mutaxassislarni jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shu tariqa mamlakat moliya bozori faoliyati yangi bosqichga ko‘tariladi.
Tarixan O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan. Bugun ham diyorimiz jadal sur’atda mintaqaviy kommunikatsiya va iqtisodiy aloqa markaziga aylanmoqda. Demak, OTBning nufuzli tadbiri uchun Samarqand tanlanishida ham ramziy ma’no bor.
Aslida, biz mutlaq yangi tizim yaratayotganimiz yo‘q. Faqat azaliy an’analarni zamonaviy shaklda qayta tiklayapmiz. Axir, Buyuk ipak yo‘li faqat savdo tizimi emas, balki g‘oya, manba va tajriba almashinuvini ta’minlagan hadsiz iqtisodiy-moliyaviy makon bo‘lgan.
Yig‘ilishda OTB tomonidan yana bir muhim tashabbus ilgari surildi: Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari sarmoyadorlari kengashlari mintaqaviy alyansini tashkil qilish. Darhaqiqat, muayyan mamlakatning muvaffaqiyatli islohoti, tajribasi boshqa davlatlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin. Binobarin, o‘zaro tajriba almashish asnosida sarmoyadorlar uchun yagona, qulay tartib shakllantirish osonlashadi.
Bugun ayrim investorlar mintaqaning barcha davlatlariga kirib kelgan. Ular turli hududlarda barqaror, shaffof va tushunarli qoida bo‘lishini istaydi. Shu tariqa butun umumiy makon taraqqiy etadi. Jarayon Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek Ozarbayjon, Gruziya va Armaniston uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Albatta, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilish masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Zero, mamlakatga qancha ko‘p sarmoya kirib kelsa, iqtisodiyot shuncha keng imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu nafaqat davlat, balki tadbirkorlar, kichik va o‘rta biznes vakillari va oxir-oqibat aholi uchun muhim. Investitsiya – yangi ish o‘rni, texnologiya va taraqqiyot degani.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TvfgHvdvzqw" title="Aziz G‘afurov: Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlarni boshlab beradi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo, Dilshod Hakimov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA