Avtotransport sohasi jadal rivojlanmoqda
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2015-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 2015-yilning to‘qqiz oyi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Avtomobil transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirishda ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining «Avtomobil transporti to‘g‘risida»gi qonuni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Ushbu qonun bilan mamlakatimizda yo‘lovchilarning hayoti, salomatligi va mulki, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishning mustahkam huquqiy mexanizmi yaratildi.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda transport tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Chunonchi, 2000-yilda mamlakatimizda yo‘lovchi tashish bo‘yicha ikki mingga yaqin yo‘nalish mavjud bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda bu ko‘rsatkich 4,3 mingdan oshdi. Ularning deyarli barchasi ochiq tender savdolari orqali joylashtirilgani sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va transportda tashuvchilar uchun teng sharoit yaratish imkonini bermoqda.
Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimiz bo‘yicha o‘tkazilgan 107 ochiq tender savdosida 913 yo‘lovchi yo‘nalishi joylashtirildi. Shuningdek, 45 yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi ochildi.
Agentlik transport korxonalari parkini yangilashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, joriy yilning to‘qqiz oyida tashuvchilar o‘z avtoparklarini 408 yuk mashinasi, 77 mikroavtobus va 430 yengil avtomobil bilan to‘ldirdi. Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan «Isuzu» rusumli 340 yangi avtobus xarid qilindi.
Matbuot anjumanida agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda transportda tashish sohasida noqonuniy faoliyat yuritayotgan subyektlarni aniqlash bo‘yicha muntazam reydlar o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. Hisobot davrida hamkorlikda 3,3 mingdan ortiq reyd o‘tkazildi. To‘plangan barcha materiallar chora ko‘rish uchun tegishli organlarga taqdim etildi.
«Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tasdiqlangan rejaga asosan mehnat faxriylari va yolg‘iz qariyalarga moddiy-ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Ularni sog‘lomlashtirish va madaniy hordiq chiqarishini tashkil etish bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqilgan.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.