Askiya va qiziqchilik san’atini yosh avlod davom ettiradi
Milliy merosga ehtirom, ustozlar an’anasiga sadoqat va ijodiy vorislik – san’atimiz taraqqiyotining muhim omili.
Qo‘qonda “O‘zbek milliy askiya va qiziqchilik san’atida ustoz-shogird an’analari hamda ijodiy vorislik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda xalqimizning asrlar davomida shakllangan boy ma’naviy merosi, milliy tafakkuri va betakror ijodiy salohiyatini o‘zida mujassam etgan askiya va qiziqchilik san’atining bugungi taraqqiyoti hamda istiqbollari muhokama etildi.
Konferensiyada milliy askiya san’atining tarixiy ildizlari va rivojlanish bosqichlari, ustoz-shogird an’analarini izchil davom ettirish, boy ijodiy tajribani yosh avlodga yetkazish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy san’atimizning nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Askiya va qiziqchilik san’ati shunchaki kulgi va mutoyiba emas. U xalqimizning hayotiy tajribasi, teran mushohadasi, so‘zga chechanligi, nozik yumori va yuksak ma’naviyatini namoyon etuvchi noyob san’at turidir. Uni asrab-avaylash, rivojlantirish va kelajak avlodlarga yetkazish esa barchamizning muhim vazifamizdir, – dedi Farg‘ona viloyat xokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov.
Konferensiya davomida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi Respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi hamda “Askiya, qiziqchilik va stendap san’ati” ijodiy birlashmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum tomonlar o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalar va konsert dasturlarini amalga oshirish, o‘zaro tajriba almashish hamda yangi iste’dodlarni kashf etish uchun keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
– Ustozdan shogirdga, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan san’at – millat ma’naviyatining uzviy davomi. Zero, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash, buyuk ustozlar merosini munosib davom ettirish va yosh avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish orqali madaniy merosimizning kelajagini ta’minlaymiz, – deyishdi konferensiya ishtirokchilari
Qo‘qonda o‘tkazilgan ushbu xalqaro konferensiya milliy askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish, ijodiy vorislikni mustahkamlash hamda o‘zbek xalqining betakror san’atini keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA