Askarlar Vatanga qasamyod qildi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda harbiy xizmatchilarning ota-onalari va yaqinlari ham ishtirok etib, farzandlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar — yashash, ovqatlanish va madaniy hordiq chiqarish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbirda Qorovul qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik Davron Ashurov, tegishli tashkilotlar rahbarlari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari, Kogon tumani hokimligi mutasaddilari hamda harbiy qism faxriylari ishtirok etdi.
— Vatanga sadoqat qasamyodini qabul qilayotganimdan faxrlanaman, - deydi Toshkent shahridan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oddiy askar Usmonali To‘xtamurodov. — Askarlik men uchun yuksak sharaf. Kelgusida harbiy xizmatni shartnoma asosida davom ettirish niyatidaman.
[gallery-28642]
Marosimda qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish, uning salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, muddatli harbiy xizmat tizimining takomillashtirilishi, safarbarlik-chaqiruv rezervi joriy etilishi, shartnoma asosida xizmat qiluvchilar sonining oshirilishi hamda harbiy tayyorgarlik tizimining modernizatsiya qilinishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA