Askarlar muddatli xizmatga otlandi
Termiz shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da muddatli harbiy xizmatga yo‘l olgan bir guruh mard, jasur o‘g‘lonlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 29 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Surxondaryo viloyat hokimligi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi, Mudofaa vazirligi jamoatchilik kengashi viloyat bo‘limi, Termiz harbiy prokuraturasi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi viloyat hamda Yoshlar ittifoqi viloyat boshqarmalari, keng jamoatchilik vakillari, askarlar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.


Tantanali marosimda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev so‘nggi yillarda milliy armiyamizda yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar tinch, farovon hayotimizni ta’minlashda muhim omil bo‘layotganini alohida qayd etdi. Muddatli harbiy xizmatchilarning muqaddas Vatan oldidagi yigitlik burchini sharaf bilan ado etib, Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdi singari buyuk ajdodlarimiz jasoratiga sodiq bo‘lishiga katta ishonch bildirdi.


– Bugun o‘g‘lim Sobirjon ham boshqa tengdoshlari qatori muddatli harbiy xizmat burchini o‘tash uchun otlandi, – deydi Angor tumanilik Gulchehra Qurbonova. – Bu oilamiz uchun sharaf. Farzandlarimizning konstitutsiyaviy burchini o‘tash uchun yo‘l olgani biz, onalarga 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. Ochiq tanlovda Sobirjonning barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, egniga harbiy libos kiygani ona sifatida menga o‘zgacha g‘urur bag‘ishladi.
Tadbirda Vatan osoyishtaligi, yurtimiz tinchligi uchun xizmatga yo‘l olgan askarlarga “Armiya – hayot maktabi” kitobi, sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.

– Har bir yigit uchun Vatanga xizmat qilish sharafli burch sanalgan, – deydi Boysun tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Jo‘rabek Eshpo‘latov. -Zimmamdagi ushbu majburiyatni bajarish istagida o‘tgan yil dastlab tumanda tibbiy ko‘rikdan o‘tdim. Shundan so‘ng jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha nazorat sinov mashqlarini topshirgach, kuch tuzilmalari suhbatidan o‘tib, viloyatga yo‘llanma oldim. Bu yerda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, rahbariyat kengashi suhbatida bo‘ldim. Ochiq, oshkora tanlov asosida saralab olinganlar safida muddatli harbiy xizmatga ketayotganimdan quvonchim cheksiz. Jizzax viloyatida mamlakatimiz osoyishtaligi, xalqimiz tinchligi yo‘lida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilaman. Barcha vazifalarni a’lo darajada bajarib, ota-onam bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytishga so‘z beraman.
Tantanali marosim yakunida xizmatga yo‘l olgan askarlarga osh tarqatildi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi va baxshilar ijro etgan terma hamda dostonlardan parchalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Muddatli harbiy xizmatchilar Termiz temir yo‘l vokzalidan tantanali kuzatildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri