Asalarilar yo‘qolib ketish xavfi ostida
20 may — Butunjahon asalarilar kuni
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda yigirma mingga yaqin ari turi mavjud. Asalarilar esa yigirma ming tur arilar orasida insonni birinchi marta chaqqandan so‘ng halok bo‘luvchi yagona ari turi hisoblanadi.
20 may dunyoning ko‘plab davlatlarida Butunjahon asalarilar kuni sifatida nishonlanishi asalarilar va boshqa changlatuvchilarning ahamiyati, ular duch keladigan tahdidlar va ularning barqaror rivojlanishga qo‘shadigan hissasi to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Changlatuvchilar ekotizimlardagi muammolar haqida ogohlantiruvchi ekologik signal vazifasini bajaradi. Shuningdek, ular bioxilma-xillikni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim omil hisoblanadi.
Turli omillar, xususan, begona hasharotlar, zaharli kimyoviy moddalar (pestitsidlar), yerdan foydalanishdagi o‘zgarishlar, iqlim o‘zgarishlari va ifloslanish kabi omillar natijasida asalarilar yo‘qolib ketish xavfi ostida. Shu sababli, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2017 yildan boshlab "Butunjahon asalarilar kuni" joriy qilindi.
Nega aynan 20 may? Chunki 1734 yilning aynan shu kuni zamonaviy asalarichilik asoschisi Anton Yansha tug‘ilgan. U 1771 yilda asalari haqida risola chop etadi, bu asar bir necha bor qayta nashr etiladi. Bugungi kunda uning maslahatlari va ixtirolari butun dunyo bo‘ylab asalarichilar tomonidan qo‘llaniladi.
Asalarilar ko‘plab o‘simliklar, jumladan, oziq-ovqat ekinlarining ko‘payishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Bu hasharotlar 75 foizdan ortiq ekinlarning ko‘payishida ishtirok etadi, hosildorlikni oshiradi, mahsulot sifatini va xilma-xilligini yaxshilaydi, bioxilma-xillikni saqlaydi, tuproq unumdorligi, havo va suvning tozaligini ta’minlaydi, zararkunandalarga qarshi tabiiy kurashni kuchaytiradi. Uning asali, zahri, suti propolisi, gulchangi ko‘pgina xastaliklarga davo. Shuningdek, uning mumi sanoatda muhim xomashyo hisoblanadi.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, bir kilogramm asal ishlab chiqarish uchun kichik va mehnatkash hasharot – asalari bir necha yuz minglab, taxminan 400 ming kilometr masofani bosib o‘tadi.
Insonlar tomonidan asalarichilikda shu paytgacha birorta ham asalari zotlari yaratilmagan. Shunga qaramasdan har bir hududning tabiiy iqlim sharoitiga moslashgan asalari zotlari bor.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA