Asalarilar changlantirgan bog‘larda hosildorlik yuqori bo‘ladi
Mamlakatimizda asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, asalni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, sohaning eksport salohiyatini oshirish borasida muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda asalarichilik tarmog‘i bo‘yicha 2 mingdan ortiq tashkilot faoliyat yuritadi. Ularda 917 mingdan ortiq asalari oilasi mavjud. Ammo asal beradigan o‘simliklar maydonlarining qisqarishi va nektar manbalarining kamayishi asal hosiliga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, asalbop o‘simliklar ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish, hududlarda asal sifati va asalari kasalliklarini tekshiruvchi laboratoriyalar imkoniyatlarini kengaytirish muhim masalalardan hisoblanadi.
13-oktabr kuni yaylovlar degradatsiyasining oldini olish, suv ta’minotini yaxshilash hamda ulardan samarali foydalanish yuzasidan Prezidentimizga qilingan taqdimotda yaylovlardan boshqa tarmoqlar bilan bir qatorda asalarichilik yo‘nalishlarida ham foydalanish muhim ekani qayd etildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda asalarichilik sohasida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish, tarmoqdagi muammolarni bartaraf etish masalalari mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, yer yuzidagi oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyat qismi aynan asalarilarning gullarni changlatishiga bog‘liq. Asalarilar yordamida changlantirilgan bog‘lar va ekin maydonlarida hosildorlik bir necha barobarga oshadi. Shu bilan birga, bioxilma-xillikni saqlashda ham asalari muhim o‘rin tutadi. Ular yovvoyi o‘simliklarning ko‘payishini ta’minlab, ekotizimlar, o‘rmonlar va yashil hududlarning yashab qolishiga xizmat qiladi.
Tadbirda jahon standartlariga muvofiq asal mahsulotlari sifatini belgilash bo‘yicha maxsus laboratoriyalarni yanada ko‘paytirish, tarmoqni malakali mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishda davlat organlari vazifalarini belgilash, asalarilar kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflar berildi. Sohaga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
M.Komilova, O‘zA