Asakada tut plantatsiyasi barpo etilmoqda
Keyingi yillarda mamlakatimizda qisqa muddatda daromad olish imkonini beruvchi pillachilik tarmog‘ini rivojlantirish, xususan, tut plantatsiyalari tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Pillachilikda ozuqa baza mustahkam bo‘lsagina, pilladan yuqori hosil olinadi, ko‘zlangan natijaga erishiladi. Shu ma’noda Andijon viloyatida ham tutzorlar tashkil etish bo‘yicha belgilangan ishlar qizg‘in olib borilmoqda.

Pillachilik ozuqa bazasini yanada mustahkamlash maqsadida Asaka tumani Mehnatobod mahallasiga qarashli adirlik hududidagi “Asaka ipak impeks” pillachilik klasteri tomonidan 30 gektar maydonda “Andijon texnologiyasi” asosida tut plantatsiyasi tashkil etilayotganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.

– Tut ko‘chatlar sinov tariqasida yangi – “Andijon texnologiyasi” usulida ekilmoqda, – deydi “Asaka ipak impeks” pillachilik klasteri rahbari Mashrabjon Isoqov. – Ya’ni ko‘chatlar ekilib, usti kesib yuboriladi, so‘ng plyonka ostiga olinadi. Bu usulda belgilangan maydonga oddiy usulga nisbatan ko‘proq ko‘chat ekiladi, qolaversa, ko‘chat tez yetiladi va yuqori hosil beradi.

Adirlik hududidagi ushbu tut plantatsiyasi tomchilab sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi.
Ayni kunlarda Asaka tumanidagi mavjud 305 gektar tut plantatsiyalarida mavsumga bog‘liq parvarishlash ishlari va agrotexnik tadbirlar qizg‘in olib borilmoqda.


Albatta, tutzorlarni kengaytirish, ipak qurti boqish va pilla yetishtirish, qayta ishlash korxonalarini xom ashyo bilan ta’minlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari