Argentina elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Argentina Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Eduardo Antonio Zuaynni qabul qildi.
Ishonch yorlig‘ini topshirish marosimi bilan boshlangan uchrashuv avvalida V.Norov Elchiga diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston - Argentina hamkorligining bugungi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilindi.
Tomonlarning konstruktiv siyosiy muloqotni faollashtirishga tayyorligi ta’kidlandi. O‘zaro aloqaning shartnomaviy-huquqiy asosini kengaytirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirish, vazirliklararo maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, xalqaro institutlar doirasidagi sa’y-harakatni muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
[gallery-7689]
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Argentina kapitalini jalb etish, investitsiyalarni himoya qilish va ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish to‘g‘risida bitim tuzish, Argentina biznes-sub’ektlari delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish orqali savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi qayd etildi.
Elchi Argentina kompaniyalari O‘zbekistonda turli sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Madaniy-gumanitar aloqani mustahkamlashga o‘zaro intilish tasdiqlandi. Tomonlarning ikki mamlakat hududida o‘tkaziladigan kinofestivallar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, kadrlar tayyorlashda oliy ta’lim muassasalari sherikligini kengaytirish, sport sohasidagi munosabatni rivojlantirish, sayyohlik almashuvini jadallashtirish masalalarini o‘rganib chiqishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Eduardo Antonio Zuayn ta’kidlaganidek, Argentina Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishi jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib boradi, respublikaning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida kechayotgan o‘zgarishlarni olqishlaydi. Buenos-Ayres O‘zbekiston bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishni ustuvor vazifa deb biladi va bu borada qat’iy amaliy choralar ko‘rishga tayyor.
O‘zA