AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik yana kuchaydi
Qo‘shma Shtatlar va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv ikkinchi kun ham davom etmoqda. “Reuters” agentligi xabar qilishicha, Vashington yana havodan zarba bergan, Tehron ham AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy ob’ektlariga javob hujumini amalga oshirgan.
Ma’lum qilinishicha, mojaroning yangi bosqichi hafta boshida Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida Amerikaning “Apache” harbiy vertolyoti urib tushirilgandan keyin boshlangan. Shundan so‘ng tomonlar bir-biriga qarshi zarba yo‘llagan.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi bergan ma’lumotga ko‘ra, navbatdagi hujumda Eronning harbiy kuzatuv tizimi, aloqa infratuzilmasi va havo mudofaasi ob’ektlari nishonga olingan. Vashington bu amaliyotni Islom Respublikasining davom etayotgan tajovuzkor harakatiga javob sifatida baholagan.
Prezident Donald Tramp Eron zudlik bilan kelishuvga rozi bo‘lmasa, hujum yana davom etishini bildirdi. Uning so‘zlaridan keyin jahon neft bozorida narx keskin oshdi.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Bahraynda joylashgan AQSH Beshinchi flotiga zarba berdi. Shuningdek, Iordaniyadagi “Al-Asroq” aviabazasiga ballistik raketa uchirilgan.
Bahrayn Ichki ishlar vazirligi havoda yo‘q qilingan dron parchasi tushishi oqibatida bir necha uy va avtomobilga zarar yetgani, 11 yoshli qiz yengil jarohat olganini qayd etdi. Kuvayt esa Eron hujumi tufayli qisqa muddatga o‘z havo hududini yopgan. Bundan tashqari Tehron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanadigan kemalarga qarshi o‘t ochilishi mumkinligidan ogohlantirgan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi esa bo‘g‘oz yopilmagani, tijorat kemalari harakati davom etayotganini aytdi.
Livanda ham to‘qnashuv davom etyapti. Isroilning mamlakat janubiga bergan havo zarbasi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan. “Hizbulloh” harakati Isroil kuchlariga qarshi yana bir hujum amalga oshirganini ma’lum qildi.
D.Hakimov, O‘zA