Anjuman maqom san’ati an’analariga bag‘ishlandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda maqom san’ati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga ko‘tarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Maqom ijrochiligi asnosida uning nazariy, tarixiy va falsafiy asoslari ham chuqur o‘rganilmoqda.
Namangan shahridagi “Ma’rifat maskani”da uchinchi xalqaro maqom san’ati festivali doirasida “Sharq maqomotining yangi tendensiyalari: an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjuman sharqona maqom an’analarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganish, maqom, mug‘om, maqam, dastgoh va muqom singari turdosh musiqa tizimlarining tarixi, nazariyasi hamda ijrochilik an’analarini tahlil qilish, maqom san’atida an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Konferensiyaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mazkur xalqaro anjumanning milliy madaniy merosimizni yuksaltirishdagi ahamiyati beqiyos ekanligini ta’kidladi.


Darhaqiqat, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “YUNESKO” jamg‘armasi tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan maqom oddiy musiqa emas, balki millat xotirasi, xalq qalbi va asrlar osha yangrab kelayotgan ma’naviy ovozdir.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda maqom san’ati nufuzini milliy va xalqaro miqyosda yangi bosqichga ko‘tarish madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Maqom ijrochiligi asnosida uning nazariy, tarixiy va falsafiy asoslari ham chuqur o‘rganilmoqda.


Ushbu nufuzli anjumanda dunyoning oltmishga yaqin davlatlaridan yuzga yaqin taniqli san’atshunos va maqomshunos olimlar, pedagoglar, ijrochilar va yosh tadqiqotchilar qatnashib, sharqona maqomning bugungi rivojlanish jarayonlari, ilmiy-nazariy masalalari, ta’lim tizimidagi o‘rni hamda an’ana va innovatsiyalar uyg‘unligini muhokama qilishdi. Shuningdek, maqomning ko‘p asrlik tarixi, uning zamonaviy tendensiyalari hamda kelajak taraqqiyot istiqbollari yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar bildirildi.


Forumning faxriy mehmonlari sifatida “AYSESKO” bosh direktori doktor Salim Muhammad Al-Malik, “YUNESKO” ijroiya kengashi raisi Nosir Hamad Hinzab, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, “TURKSOY” bosh kotibi Sultan Rayev hamda Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimqulova ishtirok etdi.

Tadbir doirasida maqom san’atini asrab-avaylash, uni chuqur ilmiy tadqiq qilish, ta’lim tizimiga samarali integratsiya qilish hamda milliy musiqiy merosni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish masalalariga bag‘ishlangan qator muhim ma’ruzalar tinglandi. Qolaversa, xorijiy va mahalliy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar o‘tkazilib, ular o‘rtasida o‘zaro memorandumlar imzolandi.


– Mamlakatimizda milliy maqom san’atiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida u ilmiy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Sohani rivojlantirish maqsadida tadqiqotlarga keng yo‘l ochildi. Uchinchi xalqaro maqom festivali doirasida uyushtirilgan ilmiy-amaliy anjumanda buyuk bobomiz, tib ilmi asoschisi Abu Ali Ibn Sino va o‘rta asrlar musiqiy tafakkuri mavzuiga bag‘ishlangan ma’ruzam katta qiziqish bilan tinglandi, – deydi O‘zbekiston Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy bo‘lim mudiri, san’atshunoslik fanlari bo‘yich falsafa doktori Humoyun Haydarov. – Alloma o‘z davrida ilm-fan markazlari hisoblangan Buxoro, Gurganch va Ray kabi shaharlarda yashab, faoliyat yuritgan. Shu boisdan u yoshligidan tibbiyot, matematika va falsafadan tashqari musiqaga ham jiddiy qiziqqan. Garchi manbalarda unga kim musiqa sabog‘ini bergani yozilmagan bo‘lsa-da, Ibn Sino Farobiy, al-Xorazmiy, antik davr faylasuflari Aristotel va Ptolemeyning ilmiy merosini chuqur o‘rganib, o‘z yo‘nalishini yaratdi. Bu holat Sharq hamda G‘arb madaniyati musiqa ta’limida qanchalik uzviy bog‘langanini isbotlovchi muhim dalildir.


Anjumanda xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari va madaniyat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro memorandumlar imzolash hamda yangi madaniy va ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi. Anjuman shu’ba yig‘ilishlarida davom ettirilib, unda maqom san’atining dolzarb masalalariga ilmiy jihatdan yondashildi.
Mazkur xalqaro konferensiya milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish, uning betakror merosini yosh avlodga yetkazish hamda O‘zbekistonning boy madaniy salohiyatini xalqaro maydonda yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri