Angliya terma jamoasining mashg'ulot buyumlarini o'g'irlaganlikda gumonlanganlarning shaxsi ma’lum qilindi
Angliya terma jamoasining jihozlari Florida shtatidan Kanzas-Sitidagi baza tomon olib ketilayotgan vaqtda yukning bir qismi o‘g‘irlangan edi.
JCH–2026 vaqtida Angliya milliy terma jamoasi jihozlari o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha gumondorlarning shaxsi aniqlandi.
Daily Mail xabariga ko‘ra, qo‘lga olinganlar 40 yoshli Mustafo Salik va 35 yoshli Erfon Kamol bo‘lib, ular Texas shtatining San-Antonio shahrida yashagan hamda Vista Trans Holding kompaniyasida haydovchi bo‘lib ishlagan. Ular avvalroq AQSh fuqaroligini olgan.
Angliya terma jamoasining jihozlari Florida shtatidan Kanzas-Sitidagi baza tomon olib ketilayotgan vaqtda yukning bir qismi o‘g‘irlangan edi. Keyinchalik ikki gumondor qo‘lga olinib, o‘g‘irlangan buyumlarning bir qismi qaytarilgan.
Ayblov tasdiqlansa, har ikki gumondorga yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solmoqda.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Kamol AQShga ko‘chib kelishidan avval to‘qqiz yil davomida AQSh maxsus kuchlari bilan shartnoma asosida ishlagan. Himoya tomoni uning Afg‘onistonga qaytarilishi hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlamoqda.
Kamolning advokati Nikolas Beyts mijozi dindor musulmon ekanini, o‘g‘rilik uning diniy qarashlariga zidligini hamda u tergov bilan hamkorlik qilayotganini bildirib, jamiyat uchun xavf tug‘dirmasligini aytdi.
Salikning advokati Metyu Merriman ham shunga o‘xshash dalillarni keltirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mijozi 15 yil davomida AQSh armiyasi bilan hamkorlik qilgan. Biroq advokatning yozma murojaatining bir qismi “milliy xavfsizlik manfaatlari” sababli oshkor etilmagan.