Andijonliklar milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlamoqda
Shu kunlarda dunyo futbol muxlislarining nigohi AQSH, Meksika va Kanada futbol maydonlariga qaratilgan. Ana shu mamlakatlarda millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan jahon chempionati musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilda XXIII bor o‘tkazilayotgan jahon chempionati O‘zbekiston uchun tarixiy chempionat sifatida muhrlanadi. Chunki mamlakatimiz terma jamoasi jahon mundialida ilk bor ishtirok etmoqda. Mana shunday tarixiy onlarni xalqimiz O‘zbekiston xalqaro futbol maydonlarida mustaqil milliy terma jamoa sifatida ishtirok eta boshlagandan buyon 35 yil kutdi.
Nihoyat ana shu quvonchli, hayajonli onlar yetib keldi. Bugun mamlakatimiz milliy terma jamoasi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini Kolumbiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazmoqda.


Mexikodagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tayotgan ushbu uchrashuvni butun xalqimiz qatori minglab andijonliklar ham aholi gavjum bo‘ladigan maskanlar – madaniyat va istirohat bog‘lari, stadionlar, mahalla guzarlari hamda ko‘ngilochar maskanlarda o‘rnatilgan ulkan teleekranlar orqali katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qilmoqda, “Bir bayroq, bir jamoa, bir maqsad!” shiori ostida milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan Andijondagi eng yirik tomosha maydoni “Bobur-arena” stadioni hududida tashkil etildi. Bu yerda 10 ming nafardan ziyod muxlislar o‘yinni tomosha qilib, milliy terma jamoamizni birgalikda qo‘llab-quvvatlamoqda.


Bundan tashqari, Andijon shahridagi “Navro‘z Mall” savdo ko‘ngilochar majmuasi, qator mahalla guzarlari, korxona, tashkilot va muassasalar oldiga o‘rnatilgan katta ekranlar orqali o‘yinni minglab futbol muxlislari tomosha qilmoqda.


Shuningdek, Xonobod shahridagi “O‘zbegim” savdo markazi, Alisher Navoiy nomli istirohat bog‘i, Asaka tumanidagi “Xiyobon” maydoni, Baliqchi tumanidagi ARA kafesi, Jalaquduq tumanidagi “Palma” кафеси, Oltinko‘l tumanidagi “Oltin sohil” xiyoboni, Marhamat tumanidagi “Logistika o‘quv markazi”, Xo‘jaobod tumanidagi “Oqqush” dam olish maskani, “Elvo” кафеси, Shahrixon tumanidagi “Markaziy bayroq” maydoni hududlari hamda Andijon, Bo‘ston, Buloqboshi, Izboskan, Paxtaobod, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa tumanlari markaziy madaniyat va istirohat bog‘lariga o‘rnatilgan ulkan ekranlar orqali minglab andijonliklar o‘yinni uyushgan holda tomosha qilib, milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatlamoqda.

“Bir bayroq, bir jamoa, bir maqsad!” yo‘lida jipslashgan butun O‘zbekiston futbolchilarimizga omad va g‘alaba tilaydi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat)
O‘zA muxbirlari