Andijonlik yosh chegarachilar g‘olib bo‘ldi
Akademik M. Mirzayev nomli ilmiy tadqiqot instituti dala maydonida joriy yilning 17-20 may kunlari Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, shuningdek boshqa qator hamkor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tashkil etilgan “Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Respublika bosqichi yakunlandi.
G‘oliblarni tantanali taqdirlash marosimida so‘z olganlar musobaqa ishtirokchilarini yakuniy natijalar bilan samimiy qutlab, ularga bugungidek shijoat va g‘ayrat hamisha hamroh bo‘lishini tilashdi. Shuningdek, musobaqa nufuzining yildan-yilga ortib borishi va yuqori saviyada tashkil etilishida mas’ul vazirlik va idoralarning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari o‘z samarasini berayotgani ham alohida ta’kidlandi.
Barcha jamoalar musobaqadagi faol ishtiroki uchun tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shartlarni bajarish davomida yuqori natijalarni ko‘rsatgan o‘g‘il-qizlar nominatsiyalar bo‘yicha yakka tartibda rag‘batlantirilganidan so‘ng, faxrli o‘rinlarni egallagan jamoalarni taqdirlash marosimi boshlandi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani 10-umumta’lim maktabining “Fidokor” jamoasi uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati Nishon tumani 4-umumta’lim maktabining “Amir Temur izdoshlari” jamoasi ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
“Yosh chegarachilar” harbiy-vatanparvarlik musobaqasining final bosqichi mutlaq g‘olibligi esa Andijon viloyati Paxtaobod tumani
31-umumta’lim maktabining “Sarhad lochinlari” jamoasiga nasib etdi. G‘oliblar musobaqa tashkilotchilari tomonidan maxsus diplom, kubok, medallar va qimmatbaho savg‘alar bilan taqdirlandi.
Yoshlarga har jihatdan ko‘mak berib, madad bo‘lgan, ularni qo‘llab-quvvatlab yuqori natijalar sari ruhlantirib turgan mehribon va fidoyi ustozlarga ham alohida tashakkur bildirilib, esdalik sovg‘alari ulashildi. DXX Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan vatanparvarlik, yurtga sadoqat va mehr oqibat tuyg‘ularini tarannum etuvchi kuy qo‘shiqlar yangragan konsert dasturi ham tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Quvonarli jihati shundaki, bellashuvlar davomida Vatanimizning turli go‘shalari, eng olis chegaraoldi hududlaridan tashrif buyurgan yoshlar bir-birlari bilan do‘stlashib, tajriba almashdilar, ko‘plab iste’dodli o‘g‘il-qizlar kashf etildi.
Albatta, ertamiz egalarining musobaqalar davomida olgan harbiy bilim va ko‘nikmalari, egallagan tajribalari kelgusida ularning kasb tanlashi va o‘z hayot yo‘lini topishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
N.Bozorova, O‘zA