Andijonda gaz taʼminoti qanday ahvolda?
“Hududgaz Andijon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
“Hududgaz Andijon” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha ishlab chiqilgan dasturlar ijrosi yuzasidan belgilangan barcha ishlar tegishli tartiblar asosida amalga oshirilmoqda, – deydi “Hududgaz Andijon” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Davronbek Salohiddinov. – Jumladan, joriy yilda viloyatda namunali loyihalar asosida barpo etilgan 1 ming 400 uy-joyning 1 ming 81 tasi tabiiy gaz, qolganlari esa suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, 8,9 kilometr masofaga gaz tarmogʻi tortish rejalashtirilgan. Tabiiy gaz bilan taʼminlanadigan uylarning loyiha texnik hujjatlari tayyorlanib, hozirgacha 7,4 kilometr uzunlikdagi gaz tarmogʻi tortilib, tabiiy gaz bilan taʼminlandi. 319 yangi xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.
Ana shu ishlar natijasida aholiga gaz yetkazib berish ishlari tubdan yaxshilandi. Ayniqsa, viloyatda suyultirilgan gaz yetkazib berishning yangicha usuli joriy etilganidan aholi behad mamnun boʻlmoqda.
– Avval aholidan maishiy gaz ballonlari yigʻib olinib, bir-ikki kun ichida toʻldirib olib kelib berilar edi, – deydi Andijon tumanidagi Yangi yoʻl mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Moʻminjon Yusupov. – Endilikda gaz idorasining zaxira gaz ballonlari toʻldirilgan holda olib kelinib, aholining tugagan gaz ballonlari peshma-pesh almashtirib berilmoqda. Bu bilan aholiga katta qulaylik yaratildi, endi bir-ikki kun gazsiz oʻtirmaymiz.
Andijon shahrida qurilgan 14 koʻp qavatli hamda harbiylar, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari uchun qurilgan 5 ta koʻp qavatli xizmat uylarini gaz bilan taʼminlash uchun hozirga qadar 2,7 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlari tortildi, bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Manzilli dasturga asosan Buloqboshi, Andijon tumanlaridagi oʻrta bosimli, yer osti gaz tarmoqlarining 3,5 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. Natijada 10 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qilayotgan hududning tabiiy gaz taʼminoti tubdan yaxshilandi.
Viloyatda tashkil etilgan 20 dan ortiq farm, kichik sanoat zonalari va hududlarini kuz-qish mavsumida uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida 5,3 kilometr masofada gaz tarmogʻi tortildi. Bundan tashqari, qator kichik sanoat zonalari avtomatik gaz taqsimlash shoxobchalaridan uzoq masofada va tabiiy gaz tanqis hududlarda joylashganligi bois, ularni muqobil energiya bilan taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrildi.
Viloyat boʻyicha 3 ming 796 gaz taqsimlash qurilmasi texnik koʻrikdan oʻtkazildi, 185,6 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlari havo bosimi yordamida tozalandi.
Aholiga viloyatdagi beshta gaz toʻldirish punkti orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Fuqarolarning talab va ehtiyojidan kelib chiqib 34 ming dona maishiy gaz balloni yetkazib berildi.
Aholiga qulayliklar yaratish, suyultirilgan gaz bilan taʼminlanish darajasini yaxshilash maqsadida suyultirilgan gaz toʻldirilgan gaz ballonlari tarqatishga moʻljallangan 7 dona “ISUZU” rusumli, 27-30 tonna hajmdagi suyultirilgan gaz tashuvchi 7 dona “MAN” rusumli maxsus avtotransport vositalari xarid qilinib, gaz toʻldirish stansiyalari ixtiyoriga berildi. Hozirda shoxobchalarda 79 dona maxsus transport vositasidan foydalanilmoqda. Shuningdek, Shahrixon, Qoʻrgʻontepa va Asaka tumanlaridagi gaz toʻldirish punktlari hududlarida maishiy gaz ballonlarni texnik sinovdan oʻtkazish va taʼmirlash markazlari tashkil etildi.
Soha mutaxassislari tomonidan korxona, tashkilot, muassasalar hamda aholi xonadonlaridagi nostandart isitish qozonlarni tejamkor zamonaviy qozonlarga almashtirish, gazni tejamkorlik bilan sarflash, shuningdek, gazdan foydalanishda texnika va yongʻin xavfsizligi koidalariga rioya etishga qaratilgan keng koʻlamli targʻibot va tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda. Natijada turli obyektlar, aholi xonadonlarida yongʻinlar, gaz bilan bogʻliq koʻngilsizliklar kelib chiqishining oldi olinmoqda.
Viloyatda tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti bilan bogʻliq barcha ishlar belgilangan tartib asosida izchil olib borilmoqda. Bu albatta, kuz-qish mavsumining koʻngildagidek, talofatlarsiz oʻtishiga xizmat qiladi.