Andijon tabiat go‘zalligi og‘ushida
Beg‘ubor tabiat, uning go‘zalliklari insonga ulkan ne’matlar – salomatlik, xush kayfiyat, ruhiy sokinlik hadya etadi, qalbiga go‘zal, betakror va unutilmas tuyg‘ularni muhrlaydi.
Bugun Andijonga tashrif buyurgan har qanday kishining qalbida ana shunday tuyg‘ular jo‘sh uradi, ona zaminning o‘ziga xos go‘zalligidan, ko‘cha va bog‘larning tarovatidan bahramand bo‘ladi.
Shu kunlarda Andijonning ko‘cha va xiyobonlari pavlovniya gullariga burkangan. Chor-atrof o‘zining go‘zalligi, ajib tarovati bilan kishini hayratga soladi. Chunki bundan besh-olti yil avval viloyat hokimi tashabbusi bilan Andijon shahri ko‘chalari, bog‘ va xiyobonlariga o‘tkazilgan, bugun barq urib o‘sayotgan manzarali pavlovniya daraxtlari o‘zining go‘zal manzarasi bilan odamlar qalbiga ko‘tarinkilik, tabiat go‘zalligiga oshuftalik tuyg‘ularini ulashmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida viloyatda o‘tgan yillar davomida o‘n millionlab tup manzarali, mevali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Birgina o‘tgan 2025-yilda viloyatda 21 million 270 ming tupdan ortiq ko‘chat o‘tkazildi. 2016-yilda viloyatning yashillik darajasi 8,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yillar davomida ushbu ko‘rsatkich 14,1 foizga yetdi. Bu boradagi ishlar izchil va tizimli ravishda davom etmoqda. 2030-yilga qadar viloyatning yashillik darajasini 30 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Pavlovniya daraxti asosan, Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Xitoy, Koreya, Tayvan, Laos, Vetnam davlatlarida o‘sadi. Keyingi yillarda pavlovniya manzarali daraxt sifatida dunyoning juda ko‘p hududlari, xususan, O‘zbekistonda ham keng tarqaldi.
Pavlovniya dunyodagi eng tez o‘suvchi daraxtlardan biri hisoblanadi. Odatda pavlovniyaning balandligi 10–25 metrga yetadi. Bahor faslida gullaydi, gullari binafsha-yorug‘ tusda, chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ko‘p miqdorda kislorod ishlab chiqaradi, havoni tozalashda muhim rol o‘ynaydi.
Pavlovniyaning ana shu jihatlari hisobga olinib, 2019-yildan buyon Andijon viloyatining turli hududlari, xususan, Andijon shahriga ushbu daraxt ko‘chatlari ekib kelinmoqda. Umuman, bugungi kunda viloyat hududida 160 ming tupdan ziyod pavlovniya daraxti mavjud.
[gallery-28478]
Ayni kunda gullagan pavlovniya Andijon shahrining Alisher Navoiy, Amir Temur shohko‘chalari, Oltinko‘l, Mustaqillik, Nihol, Yusuf Otabekov, Kamolot, Toshkent singari qator ko‘chalarga o‘zgacha chiroy, go‘zal manzara baxsh etmoqda. Andijonda o‘tkazilayotgan “Pavlovniya gullari ostida oqshomlar” festival-sayllari aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.
30-martdan 10-aprelga qadar davom etadigan festival-sayllardan ko‘zlangan asosiy maqsad, shaharning go‘zal va o‘ziga xos manzarasini, obodligini targ‘ib qilish, sayyohlarni jalb etish, andijonliklar va shahar mehmonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, ularning qalbida ona tabiatga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Festival-sayllar doirasida taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturlari, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi, ommaviy yurish, marafon, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari ham tashkil etiladi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.