Amina Xon: Pokiston – O‘zbekiston hamkorligi mintaqaviy integratsiya va barqarorlik kaliti
Yangi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yaqin aloqalar xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar mevasidir. Mamlakatlarimiz Buyuk ipak yo‘li asosida sharq va g‘arb o‘rtasida fikr, savdo-sotiq almashinuvi yuksalgan davrlarga borib taqaladigan umumiy tarixiy merosga ega.
Ayni payt davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu o‘lkada bo‘lib turibdi.
O‘zA muxbiri mazkur tashrif doirasida ikki do‘st diyor o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, Pokiston portlari orqali Markaziy Osiyoga ochilayotgan yo‘llar xususida Pokiston Strategik tadqiqotlar instituti (ISSI) huzuridagi Afg‘oniston, Yaqin Sharq va Afrika (CAMEA) markazi direktori Amina Xon fikrlarini yozib oldi.
– Joriy yil Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 34 yilligi nishonlanadi. Bugungi kunda ikki tomonlama aloqalar tarixiy bog‘liqlik va zamonaviy strategik yaqinlashuvni o‘zida aks ettiradi. Ayniqsa so‘nggi yillarda munosabatlarimiz ramziy ma’nodan ancha yuqori ko‘tarilib, o‘zaro ishonch, umumiy mintaqaviy manfaat va amaliy hamkorlikka asoslangan istiqbolli sheriklikka aylandi.
Xususan savdo, investitsiya, energetika, ta’lim va mudofaa sohalaridagi muloqot kengaydi. O‘zbekiston Pokistonning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkoriga aylandi. Shu bilan birga har ikki tomon savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish, o‘zaro biznes munosabatini osonlashtirish hamda foydalanilmagan iqtisodiy salohiyatni ochish uchun bank va tranzit mexanizmini takomillashtirish ustida faol ishlamoqda.
Ta’kidlash kerak, o‘zaro bog‘liqlik munosabat ustuniga aylandi. Markaziy Osiyoni Afg‘oniston orqali Pokiston portlari bilan bog‘laydigan shimol-janub savdo yo‘laklarini rivojlantirishdan birdek manfaatdor davlatlarimiz mintaqaviy bog‘liqlikni nafaqat iqtisodiy zarurat, balki barqarorlashtiruvchi kuch sifatida ko‘radi. Shu nuqtai nazardan Pokiston va O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik zarurligi borasida yaqindan hamfikr. Zero, barqaror rivojlanish va mintaqaviy integratsiya xavfsizlikka bevosita bog‘liqdir.
Strategik darajada mintaqaviy diplomatiya, ko‘p tomonlama hamkorlik va terrorizmga qarshi kurashish borasida yaqinlashuv kuchaymoqda. Madaniy, akademik va turizm almashinuvi orqali xalqlar o‘rtasidagi aloqa ko‘lami kengaymoqda. Ya’ni, mamlakatlarimiz munosabati yuksalish yo‘lida yagona tarixga tayanadi, umumiy iqtisodiy va geosiyosiy ustuvorlik asosida shakllanadi. Eng muhimi, sherikligimiz Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Fikrimcha, Pokiston va O‘zbekiston umumiy manfaatni ilgari surish orqali ikki va ko‘p tomonlama platformalardan yanada samarali foydalanishi lozim. Binobarin, mintaqaviy tuzilmalar sa’y-harakatni sezilarli darajada kuchaytiradi, xarajatni kamaytiradi, standartlarni uyg‘unlashtiradi va muvaffaqiyatli ikki tomonlama tashabbuslarni butun mintaqa bo‘ylab yoyadi.
Bu borada SHHT har ikki davlatga umumiy xavfsizlik va taraqqiyot konsepsiyasi ostida ta’lim, texnologiya transferi, yoshlar almashinuvi va raqamli hamkorlik uchun platforma taqdim etadi. Bundan tashqari Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (CAREC) dasturi mintaqaviy bog‘liqlik, logistika, energetika yo‘laklari va savdoni soddalashtirish bilan bog‘liq jihatlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu tariqa Pokiston – O‘zbekiston munosabatlari bog‘liqlik va inson kapitaliga sarmoya bilan uyg‘unlashish bosqichiga kirmoqda. Inson kapitali hamkorlikning eng barqaror shakli bo‘lib, bunday dasturlar orqali har ikki tomon ulkan yutuqlarga erishadi.
Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida O‘zbekiston ham, Pokiston ham ushbu mamlakatdagi tinchlik, barqarorlik va iqtisodiy tiklanishdan manfaatdor. Bu boradagi yondashuvda, xususan Afg‘onistonning kengroq mintaqaga iqtisodiy integratsiyalashuvi nafaqat o‘z barqarorligi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo farovonligi va xavfsizligi uchun ham muhim ekanligiga ishonchda kuchli yaqinlik mavjud.
Har ikki respublika Afg‘onistonni ajratuvchi chiziq emas, balki Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan savdo, tranzit va energetika yo‘laklari orqali bog‘laydigan quruqlik ko‘prigi bo‘lib xizmat qilishi g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Trans-Afg‘on aloqa loyihalari, mintaqaviy temir yo‘l va avtomobil yo‘llari hamda savdoni soddalashtirish tizimi kabi tashabbuslar iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik ziddiyatini kamaytirish va barqarorlik uchun rag‘bat yaratishga yordam berishi mumkinligi haqidagi umumiy qarashni aks ettiradi. Pokiston va O‘zbekiston iqtisodiy integratsiya joylardagi xavfsizlik bilan chambarchas bog‘liqligini yaxshi tushunadi.
Shu sababli Pokiston – Afg‘oniston – O‘zbekiston uch tomonlama yo‘lagi doirasida “Ayritom”ga o‘xshash modelni Chaman-Spin Boldak yoki Torkam-Kobulda samarali takrorlash mumkin. Bu esa ta’lim, sog‘liqni saqlash, malaka oshirish, texnologiya va savdo orqali odamlarni bog‘laydi va bir vaqtning o‘zida chegara xavfsizligini kuchaytiradi, uch tomonlama rivojlanish loyihalarini tezlashtiradi.
Ma’lumki, biz ayrim hududlardan kelib chiqayotgan terror, zo‘ravonlik, ekstremizm, narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma va mintaqaviy sa’y-harakatlarni kuchaytirish zarurligi borasida hamfikrmiz. Eng muhimi, mazkur muvofiqlik tobora mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz transmilliy terror tarmog‘i mintaqaviy bog‘liqlik va investitsiyalar yo‘lidagi eng jiddiy to‘siq bo‘lib qolayotganini anglaydi.
Shu nuqtai nazardan chegaralar xavfsizligini ta’minlash va giyohvandlikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik mintaqaviy xavfsizlikni sezilarli darajada mustahkamlaydi. Sababi, davlatlarimiz xavfsizlik va iqtisodiy integratsiyani bir-biridan ajralmas, deb biladi.
O‘tkir Alimov yozib oldi.
O‘zA