AKT xodimining qonuniy ustama haqi undirib berildi
Bundan bir muddat oldin sayxunobodlik O‘. Kamolova Sayxunobod tuman Axborot-kutubxona markazida AKT xodimi sifatida faoliyat yuritayotgani, biroq qonunchilikda nazarda tutilgan ustama to‘lovlari amalga oshirilmayotganidan noroziligini bildirib, tuman adliya bo‘limiga murojaat qilgan edi.
Mazkur murojaat e’tiborsiz qolmadi. Tuman adliya bo‘limi tomonidan holat qonunchilik talablari asosida o‘rganilib, fuqaro 2020-yildan buyon mazkur markazda AKT xodimi lavozimida ishlab kelayotgani, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tegishli xalqaro sertifikat hamda milliy guvohnomaga ega ekani aniqlandi. Shuningdek, u 2025-yil avgust oyida belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tib, tegishli guvohnomani olgan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat organlari va byudjet tashkilotlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy etish hamda rivojlantirishga mas’ul xodimlarga belgilangan tartibda ustama to‘lovlari nazarda tutilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, mazkur toifadagi xodimlarga lavozim maoshiga nisbatan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik ustama belgilash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2023-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi Farmonga asosan, tegishli xalqaro sertifikatga ega mas’ul xodimlarga qo‘shimcha 20 foizlik ustama to‘lash belgilangan.
— O‘rganish davomida Sayxunobod tuman Axborot-kutubxona markazida mazkur talablarga to‘liq rioya etilmagani ma’lum bo‘ldi. Xususan, O‘. Kamolovaga 2025-yil sentabr oyidan 2026-yil may oyiga qadar hisoblangan 26 million 974 ming 458 so‘m miqdoridagi ustama to‘lanmagan, — deydi Sayxunobod tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Begijon Hamdamov.
Mehnat kodeksining 154-moddasida ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun mehnat shartlariga muvofiq haq to‘lashi shartligi belgilangan.
Shu asosda Sayxunobod tuman adliya bo‘limi fuqaro O‘. Kamolovaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi.
Sud ishni ko‘rib chiqib, xodimning talablarini qanoatlantirdi. Sudning hal qiluv qarori bilan O‘. Kamolova foydasiga Sayxunobod tuman Axborot-kutubxona markazi hisobidan 26 million 974 ming 458 so‘m undirish belgilandi.
— Mehnat munosabatlarida qonunchilik talablariga rioya etish, xodimlarga tegishli ish haqi va ustama to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish muhim. Bu talablar amaldagi qonunchilikda o‘z aksini topgan. Zero, qonun bilan kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash har bir ish beruvchining muhim majburiyati hisoblanadi, — deydi Begijon Hamdamov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri