Ajdodlar merosiga munosib avlod
Poytaxtimizda o‘tkazilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh – yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforum ishtirokchilari bugun Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlar Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan kutib olingach, dastlab Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini tomosha qildi. Ularga buyuk muhaddisning hayoti va ilmiy merosi, uning islom olamidagi beqiyos o‘rni, shuningdek, majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, majmua yonidagi Hadis maktabi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati ham anjuman qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Hadis maktabida tinglovchilarning buyuk muhaddislar to‘plagan hadislarni o‘rganishi va tadqiq etishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy qulayliklar ushbu muassasada har tomonlama bilimli diniy soha mutaxassislari, manbashunoslar yetishib chiqishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tashrif dasturiga muvofiq, mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda majmuasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklar, diqqatga sazovor maskanlar bilan yaqindan tanishdi.

Dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan kelgan jahonning yetakchi media kompaniyasi vakillari, jurnalistlar, hujjatli kino ijodkorlari, olimlar, prodyuser hamda raqamli texnologiya sohasi mutaxassislari O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash, buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdilar.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri