Aholining ijtimoiy himoyasi kuchaytirilmoqda
Farmon va ijro
Bugungi kunda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarining huquqlari davlat himoyasida ekanligi alohida norma sifatida belgilab qo‘yildi.
Bugungi kunda davlatimiz rahbarining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan fuqarolarimizning ijtimoiy himoyaga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish va ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
– 2023 yilning 1 dekabr holatiga viloyatda qariyb 100 mingga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam mavjud bo‘lib, ularning holidan xabar olish yo‘lga qo‘yilgan hamda tegishli tartibda qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Rajabov. – O‘tgan davr mobaynida o‘zgalar ko‘magiga muhtoj yakka-yolg‘iz, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning 581 nafari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ko‘rik natijalariga ko‘ra, 157 nafari ambulator, 119 nafari statsionar va 145 nafari uydagi statsionar sharoitida davolandi. Ularning 350 nafari bepul dori vositalari bilan ta’minlangan bo‘lsa, 45 nafariga huquqiy yordam, jumladan, 14 nafariga pasport, 6 nafariga kadastr, 14 nafariga pensiya va nafaqa oid hujjatlarni rasmiylashtirishda amaliy yordamlar, 148 nafariga 40 tonna ko‘mir va 9 tonna o‘tin mahsulotlari hamda 85 nafarining xonadonlari ta’mirlab berildi.
Viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazining zamonaviy 2 qavatli binosining ishga tushirilishi natijasida markaz quvvati ikki barobarga oshib, yiliga 3500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan shaxslarga reabilitatsiya o‘tash imkonini berdi va 2,2 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan reabilitatsiyaga muhtoj shaxslar tegishli tartibda rebilitatsiya qilindi.
Tibbiy ijtimoiy ekspertiza komissiyalari tomonidan nogironligi bo‘lgan 8300 nafar shaxsga tegishli tavsiyalar berilib, ularning 121 nafarining bandligi ta’minlandi, 1837 nafari kasb-hunarga tayyorlash bo‘yicha bandlik bo‘limlariga yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2990 nafari parasport turlariga jalb etildi. Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan 305 nafar bola esa pediatriya tibbiy psixologik tekshiruvidan o‘tkazildi.
2023 yilda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Navoiy viloyat hududiy bo‘limi yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bugungi kungacha 1287 nafar xotin-qiz murojaati qayd etilib, ularning 524 nafariga psixologik, 489 nafariga huquqiy, 276 nafariga tibbiy yordamlar ko‘rsatildi.
Viloyatdagi 18-30 yoshgacha 28 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa, 64 nafar bola imtiyozli ravishda oliy ta’limga o‘qishga qabul qilindi.
Prezidentimizning farmoniga asosan, respublikamizning 28 ta tuman va shahrida eksperiment tarzda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgan edi. Viloyatda ham Navoiy shahri va Konimex tumanida markazlar hamda mavjud mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning asosiy vazifasi, eng avvalo, oilalardagi haqiqiy holatni o‘rganish, aholining ijtimoiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini baholashdir. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoya borasida tushuncha va huquqiy bilimlarini oshirishdan iborat.
Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazi tashabbusi bilan shahar hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi hamda “Ishga marhamat” monomarkazi o‘rtasida nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish va ularni kasb-hunarga o‘qitish orqali bandligini ta’minlash maqsadida memorandum imzolangan.
– Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi 50 nafarga yaqin ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan shaxslar qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda monomarkazda o‘qish istagini bildirgan, – deydi Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi boshlig‘i Nurbek Ulug‘berdiyev. – Bugungi kunda fuqarolarimiz orasida IT sohasiga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Barcha soha va jabhalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilib, mehnat bozorida ham talab ortayapti. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini IT sohasiga qiziqtirish hamda axborot- kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida shahar hokimligi, IT Park viloyat filiali va markaz o‘rtasida memorandum imzolandi. Kelishuvga asosan 14-30 yoshdagi nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qiziqishi va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilib, Navoiy shahrida yashovchi 62 nafar yosh o‘qitilmoqda. Mazkur darslar 6 oygacha davom etadi. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan yoshlarga maxsus sertifikatlar topshiriladi. Albatta, bularning barchasi bugun yurtimizda ijtimoiy himoya masalasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengayib borayotganidan, fuqarolar manfaati ustuvor ekanligidan dalolatdir.
[gallery-15337]
Joriy yildan boshlab viloyatning barcha hududlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va viloyatdagi 330 ta mahallada 160 nafar kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va ular tomonidan jami 49 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
2024 yilda 2050 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar sihatgohlarda bepul sog‘lomlashtiriladi. 2300 nafar nogironligi bor shaxs viloyat reabilitatsiya va protezlash markazida reabilitatsiya qilinadi. 600 nafardan ortiq yolg‘iz hamda yolg‘iz yashovchi keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga uyda sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilib, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 81 nafar 23 yoshgacha bo‘lgan bola uy-joy bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, viloyat Reabilitatsiya markazida bolalar ambulator reabilitatsiya markazi ishga tushiriladi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari