Aholiga huquqiy axborot yetkazish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar talab darajasidami?
Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarga huquqiy axborotni tezkor, ishonchli va qulay shakllarda yetkazish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Bu borada zamonaviy raqamli xizmatlar va ilg‘or axborot tizimlarini joriy etish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash ham zarur.
Adliya vazirligi qoshidagi «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tomonidan 2025-yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi.

Markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Alisher Karimov Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasining faoliyati, bugungi kunda Lex.uz saytining dunyo bo‘ylab keng qamrovi, normativ hujjatlarning yangilanishi, platformaga o‘zbek tilida hujjatlar joylashtirilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Qonunchilikdagi yangiliklar, huquqiy islohotlar haqida tezkor ma’lumotlar taqdim etuvchi “Huquqiy axborot” rasmiy telegram kanali faoliyat yuritmoqda. Huquqiy axborotni yetkazishdagi innovatsion loyihalardan unumli foydalanilmoqda.
Bolalar va yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida tayyorlangan 14 o‘yin loyihasi va aholiga huquqiy axborotni media mahsulotlari orqali tarqatish usullari joriy etilgan.

Rasmiy, yuridik va boshqa nashrlar hamda huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va marketing yo‘nalishida samarali ish olib borilmoqda.
Qonunchilik hujjatlari bilan chet tillarida tanishish imkoniyati ham yaratilgan. “LexAI” platformasida huquqiy masalalarga javob beradigan yordamchi chat-bot joriy etilgan.
Tadbirda zamonaviy raqamli xizmatlar va axborot tizimlarini rivojlantirish borasidagi yangiliklar taqdim etildi. Mavjud muammolar muhokama qilindi, mutaxassislar va OAV vakillari bilan ochiq muloqot o‘rnatilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA