Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish qay tartibda tashkil qilinadi? (+video)
Mamlakatimizda oxirgi umummilliy aholini ro‘yxatga olish 1989 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, o‘tgan vaqt davomida demografik va ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarda sezilarli o‘zgarishlar yuz berdi. Bu o‘zgarishlar zamonaviy talablar va xalqaro standartlarga muvofiq aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning yangi bosqichini tashkil etish zaruriyatini keltirib chiqardi.
Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi, unda aholini kamida har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har 5 yilda ro‘yxatga olish belgilandi.
2021 yilda aholi va 2022 yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olindi. To‘liq ro‘yxatga olishni amalga oshirish uchun zarur texnik tayyorgarlik, huquqiy asoslar va boshqa omillarga tayyorgarlik ishlab chiqilganidan so‘ng, ushbu tadbir 2026 yilga ko‘chirildi. Aholini ro‘xatga olish jarayonining qishloq xo‘jaligi bilan uyg‘un holda amalga oshirilishi muhim strategik ahamiyatga ega. Aholi va qishloq xo‘jaligini birgalikda ro‘yxatga olish xarajatlarini sezilarli darajada qisqartirish, vaqtni tejash va so‘rovlarni maqbullashtirish imkonini beradi. Bu yondashuv mamlakatning moliyaviy va tashkiliy resurslarini samarali boshqarishga xizmat qiladi, shu bilan birga ma’lumotlarning to‘liqligi va sifatini oshiradi.
Ro‘yxatga olish jarayoni 2026 yil 15yanvardan 28 fevralgacha bo‘lib o‘tadi. Mazkur jarayon 3 ta bosqichda tashkil etiladi. Dastlabki 17 kun davomida aholiga internet orqali ma’lumotlarni kiritish imkoniyati yaratiladi. Bunda fuqarolar census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida ro‘yxatdan o‘tishadi. Aholi o‘zi va oila a’zolari to‘g‘risidagi savolnomani mustaqil to‘ldirishi mumkin bo‘ladi. Keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” a’zolari ishtirokida uyma-uy yurib ma’lumotlar yig‘iladi. Jarayonni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” a’zolari maxsus dasturlar asosida tayyorlanadi va ularning faoliyati rag‘batlantiriladi. Ro‘yxatga olish jarayonlari yakunlangandan so‘ng ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish bosqichi boshlanadi. Natijalar Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020 yilgi tavsiyalariga muvofiq umumlashtiriladi. Natijada mamlakatimiz aholisining demografik tarkibi, migratsiya jarayonlari, oilaviy holati, faoliyat turlari va daromad manbalari to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish, chorvachilik va parrandachilik sohasiga oid ko‘rsatkichlar aniqlanadi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda muhim axborot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.
So‘rovnomadagi 71 ta savolning 54tasi aholiga, 17 tasi qishloq xo‘jaligiga oid. Jumladan, asosiy demografik ko‘rsatkichlar, aholining daromad manbai, bandligi va ta’lim darajasi, turar joy xususiyatlari, ayrim toifalar, chet el fuqarolari hamda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha savollar o‘rin olgan.
Xulosa qilib aytganda, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish nafaqat davlat organlari uchun statistik ma’lumotlar yig‘ish vositasi, balki butun jamiyatning farovonligi va kelajak rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim tadbirdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/556dY2J-n3E" title="Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish qay tartibda tashkil qilinadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA