Aholi murojaatlari e’tiborda
Shu kunlarda hududlar bo‘ylab muntazam o‘tkazilayotgan sayyor qabullar va aholining turfa qatlamlari bilan tizimli muloqotlar odamlarni tinglash, muammolarini tezkor hal etishda katta samara bermoqda.
Xususan, Nurafshon shahrida Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev hamda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaat yo‘llagan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot o‘tkazildi.

Unda Prezident Administratsiyasi xodimlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, boshqarma va tashkilot rahbarlari, shuningdek, masofadan tuman va shahar hokimlari qatnashdi. Qabul jarayonida turli yo‘nalishlardagi murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Qibray tumanida yashovchi Muhabbat Abduraimova qizining kontrakt to‘lovini amalga oshira olmagani sababli o‘qishdan chetlatilganini ma’lum qilib, amaliy ko‘mak so‘radi. Viloyat hokimi murojaatchining farzandini IT yo‘nalishida o‘qitish va keyinchalik ish bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berdi.

Bekobod shahridan murojaat qilgan Fotima Bozanadji esa nafaqada ekani, farzandi III guruh nogironi bo‘lib, yashash uchun berilgan uy-joy sharoiti og‘irligini bildirdi. U mas’ullardan xonadonini ta’mirlashda yordam so‘radi. Ushbu masala bo‘yicha fuqaroning ehtiyojmandligi hisobga olinib, yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha tezkor choralar belgilandi. Shu bilan birga, nogiron farzandini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va zarur muolajalarni olishi uchun ham ko‘maklashiladigan bo‘ldi.
Piskentlik Ne’matulla Sayipov nogironligi sababli elektron aravacha bilan ta’minlash masalasini ko‘tardi. Bu murojaat ham ijobiy hal etildi.

Qabul davomida shu kabi ko‘plab boshqa murojaatlar ham tinglanib, har biri yuzasidan tezkor qarorlar qabul qilindi. Ayrim masalalarni chuqur o‘rganish va ijrosini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga aniq muddatlar belgilandi.

Umuman olganda, bu muloqot davlatimiz rahbari topshirig‘iga muvofiq, viloyatda murojaatlar bilan ishlash, odamlarning hayotiy muammolarini o‘z vaqtida hal etish, ularga munosib turmush sharoitlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar ko‘lami kengayib borayotganining yana bir ifodasi bo‘ldi.
A.Musayev,O‘zA.