Agrar soha ilm-fani xalqaro hamkorlik natijasida yangi bosqichga chiqmoqda
Qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish va agrar sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti Akademik qo‘mitasi direktori Fu Gao hamda Chjenszyan universiteti vitse-prezidenti Li Syaomin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida sho‘rlanish va cho‘llanishga qarshi kurashish, suv tejamkor sug‘orish texnologiyalarini rivojlantirish, qurg‘oqchilikka chidamli ekin navlarini yaratish, tuproq unumdorligini oshirish, masofaviy monitoring hamda agrar biotexnologiyalar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.
Ayni paytda Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda Orolbo‘yi hududida yerlarni tiklash, sho‘rga chidamli o‘simliklarni yetishtirish va paxtachilikda aqlli sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qator ilmiy ishlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xitoy delegatsiyasi vakillari Ibrohim Abdurahmonovning o‘simliklar biologiyasi, xususan, g‘o‘za genetikasi sohasidagi ilmiy ishlari xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilganini alohida qayd etib, uning ZF2001 COVID-19 vaksinasi klinik sinovlarini amalga oshirishga ham munosib hissa qo‘shganini ta’kidlashdi.
Muzokaralarda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA