Afsonaviy rejissyorni yod etib
Poytaxtimizdagi Kinochilar uyida Kinematografiya agentligi hamda O‘zbekiston kinosan’ati muzeyi hamkorligida o‘zbek milliy kinosi darg‘alaridan biri kinorejissyor va operator Damir Salimov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi.
Unda Agentlik rahbariyati, kinoijodkorlar va rejissyorning yaqinlari ishtirok etishdi. Kecha avvalida Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov hamda Damir Salimovning farzandlari so‘zga chiqib ijodkor faoliyati haqida fikrlar bildirdi.

- Damir Salimov chinakam ma’noda afsonaviy rejissyor bo‘lgan, - deydi Kinematografiya agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari. - U har bir ishga sadoqat bilan yondashgan. Millat kelajagi uchun xizmat qiladigan kinoasarlar yaratgan. Shu bilan birga nihoyatda bilimli, salohiyatli inson bo‘lgan. Birgina u rejissyorlik qilgan "Shum bola" filmi suratga olinganiga qariyb yarim asrdan vaqt o‘tgan bo‘lsada tomoshabin hamon katta qiziqish bilan ko‘radi. Damir Salimov maktabida o‘qigan, undan saboq olgan barcha kinoijodkorlar bugun san’at olamida o‘z o‘rniga ega. Hozir ana shu ustoz-shogird an’analarini tiklash maqsadida ustoz ijodkorlarni tez-tez yod etyapmiz. Yoshlar uchun tajribali kinoijodkorlardan maxsus darslar tashkil ettiryapmiz.
Tadbir davomida operator Temur Qayumovning «Damir Salimov. Mangulik» («Damir Salimov. Bessmertiye») hujjatli filmi taqdimoti ham tashkil etildi.

Kinematografiya agentligining matbuot xizmati xabar berishicha, xotira tadbirlari yil davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda yosh kinoshunoslarni jalb etish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Damir Salimov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi. Butunittifoq davlat kinematografiya oliygohini tamomlagan tajribali ijodkor. Salimov O‘zbekistonda birinchi o‘zbek multiplikatsiya filmlariga mualliflik qilgan. U «Yo‘ldosh Oxunboboyev»,“ Non, tuz va qo‘shiq», «Yorug‘ yo‘l» kabi hujjatli, «Sahro uzra osmon»,“ «Tog‘lar chorlaydi», ” Shum bola», ”Hayot mazmuni» singari badiiy filmlarga rejisyorlik qilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri