Adolatli raqobat sari yangi qadam
Surxondaryo viloyatida raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilgan muhim “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu reja 2026-yil davomida hudud iqtisodiyotini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
Unga ko‘ra, importga yuqori bog‘liq bo‘lgan kamida 10 ta bozor tahlil qilinib, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yangi loyihalar ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning raqobatga ta’siri ham o‘rganiladi.
Tadbirkorlar uchun infratuzilma masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Elektr, gaz va suv ta’minotiga ulanishdagi muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Davlat xaridlari sohasida esa minglab jarayonlar qonuniylik nuqtai nazaridan tekshiriladi.
Yangilik sifatida viloyat hokimligi huzurida “Reklamani nazorat qilish shu’basi” tashkil etilib, tashqi reklama tizimi tartibga solinadi.
Iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, nazorat xaridlari o‘tkaziladi, mahsulotlar sifati tekshiriladi va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxini pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Shuningdek, davlat ishtirokidagi 100 dan ortiq korxona faoliyati tahlil qilinib, davlat ulushini qisqartirish orqali sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Mazkur “yo‘l xaritasi” hududda ochiq bozor va adolatli raqobatni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA