Adliya organlarining sho‘’ba rahbarlari malakasi oshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida hududiy adliya organlarining Rejalashtirish va nazorat-tahlil sho‘’balari rahbarlari uchun o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
Davlat boshqaruvi shiddat bilan raqamlashayotgan bugungi davrda har qanday islohotning muvaffaqiyati uning joylardagi ijro sifatiga bevosita bog‘liq. Ayniqsa, aholining huquqiy himoyasini ta’minlovchi adliya organlarida ish yuritish usullarini eskicha qoliplardan xalos etish, tizimli tahlil va aniq natijadorlikka (KPI) asoslangan boshqaruv modeliga o‘tish davr talabiga aylandi.

Seminar davomida ilgari surilgan yangicha yondashuvlar, ijro intizomini mustahkamlashning nazariy va amaliy yechimlari hamda hududlarda ish samaradorligini oshirishning ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘z yuritildi.
Tizim faoliyatini samarali rejalashtirish, belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish, amalga oshirilayotgan ishlarni tahliliy baholash hamda faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan masalalar yuzasidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, ish jarayonida uchrayotgan masalalar yuzasidan fikr va takliflarini bildirdi.
Qayd etilganidek, seminar yakunida olingan bilim va amaliy ko‘nikmalar hududiy adliya organlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish, ijro intizomini mustahkamlash hamda natijadorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA