Abdumalik polvon jahon chempionatida sovrindor bo‘ldi
Gretsiya mezbonligida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha U17 yosh toifasidagi jahon chempionatining erkin kurash yo‘nalishida O‘zbekiston terma jamoasi ilk medalni qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, chempionatning vazni 55 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Abdumalik Jaloliddinov finalga qadar o‘tkazilgan barcha bellashuvlarda g‘alaba qozonib, kumush medal bilan taqdirlandi. Bugun, 3 avgust kuni erkin kurash bo‘yicha 45 kilogrammgacha vaznda Mirjalol Mukammilov bronza, vazni 52 kilogrammgacha bo‘lgan Ulug‘bek Rashidov esa oltin medal uchun gilamga chiqadi.
Ma’lumot o‘rnida: jahon chempionatida ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bittadan oltin va kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yunon-rum kurashi bo‘yicha termamiz 4 ta oltin medalga ega chiqib, umumjamoa hisobida ikkinchi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA