Milliy musiqamiz jarangi xalqaro maydonda yana yangradi
Dushanbeda o‘tgan XX Yoshlar Delfiy o‘yinlari festivalida O‘zbekiston yosh iste’dodlari xalqaro sahnada porladi. San’atga e’tiborning yorqin samarasi qanday namoyon bo‘ldi?
Yurtimizda adabiyot va san’atga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Natijada bu o‘zining ijobiy samarasini bera boshladi.
Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida 5–9-oktabr kunlari MDHga a’zo davlatlarning XX Yoshlar Delfiy o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Nufuzli xalqaro musobaqa o‘z yakuniga yetdi. Yakuniy bellashuvlar ortidan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash hamda o‘yinlarning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Quvonarlisi shuki, musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi milliy terma jamoasi vakillari ham bir qator yutuqlarga erishdi. Jumladan, xalq cholg‘ulari yo‘nalishida Abdurahmonova Mohlaroyim I o‘rinni, Ismailov Elyorbek esa III o‘rinni egalladi. Fortepiano yo‘nalishida Shegay Kseniya hamda Nabiyev Sardorbek III o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlar diplom hamda medallar bilan taqdirlandi. Musobaqada ishtirok etgan boshqa o‘zbekistonlik ishtirokchilarga ham diplomlar topshirildi.

Mazkur xalqaro musobaqa yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, milliy musiqa san’atini xalqaro miqyosda targ‘ib etish hamda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Sherbek Islomov, O‘zA